Vazirlar Mahkamasining “Ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq, “Asl belgisi” mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimini yoʻlga qoʻyish taʼminlangan. Bunda “CRPT TURON” MChJ mazkur tizimning operatori sifatida belgilangan.

Hujjat bilan majburiy raqamli markirovkalashni boshlash muddatlari va mahsulotlar turlari guruhlar boʻyicha quyidagicha belgilandi:

birinchi guruh — changyutgich, kir yuvish mashinasi, sovitkich va muzlatkich, televizor va monitor — 2022 yil 15 apreldan boshlab;

ikkinchi guruh — maishiy gaz plitasi, oshxona dudburoni, duxovka va pechka, mikrotoʻlqinli pech, dazmol, suv isitkich-2022 yil 1 avgustdan boshlab;

uchinchi guruh — suv isitish qozonlari, konditsioner, oʻrnatilgan elektr motorli maishiy texnika (sok chiqargich, blender, mikser, kofe yanchgich, goʻsht maydalagich), barcha turdagi lampalar — 2022 yil 1 noyabrdan boshlab.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • majburiy raqamli markirovkalanadigan maishiy texnika mahsulotlarining identifikatsiya kodlari roʻyxati;
  • ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash tizimini bosqichma- bosqich joriy qilish grafigi;
  • import qiluvchi tashkilotlar tomonidan maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash tizimini bosqichma- bosqich joriy qilish grafigi;
  • ulgurji va chakana savdo tashkilotlarining maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash tizimiga bosqichma- bosqich oʻtishi grafigi;
  • maishiy texnika mahsulotlarini identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalash xususiyatlari toʻgʻrisidagi nizom.

Operator tomonidan maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash uchun markirovka kodlari mazkur mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarga va import qiluvchilarga tegishli buyurtma asosida taqdim etiladi.