Toshkent viloyati boʻyicha Davaktiv boshqarmasi Boʻstonliq tumanidagi sobiq pediatrlar dam olish maskanini auksion savdosiga qoʻydi.

Baza 1985-yilda qurilgan va fotosuratga koʻra, uzoq vaqt davomida oʻz maqsadi boʻyicha foydalanilmagan. Chorvoq suv omboridan uncha uzoq boʻlmagan Qoramazor mahallasida joylashgan.


Zona hududi 3,83 gektar, shundan 1101 kv.metr binolar va inshootlar bilan qoplangan. Obyektda suv va elektr quvvati bor, lekin gaz va kanalizatsiya yoʻq.

Yangi xaridor obyektga 2 yil ichida kamida 20 mlrd soʻm sarmoya kiritishi shart. Bu davrda u 100 xonaga moʻljallangan uch yulduzli mehmonxona qurishi, shuningdek, kamida 80 ta ish oʻrni yaratishi kerak.


Obyekt Vazirlar Mahkamasining 2020-yil sentyabr oyida qabul qilingan “Chorvoq atrofidagi turistik obyektlarni xususiylashtirish toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq sotilmoqda. Oʻtgan dekabrda uni auksion savdosiga qoʻyishga qaror qilingan edi.

Lotning boshlangʻich bahosi — 5,79 mlrd soʻm. Auksion 27-may kuni soat 10:00 da boshlanadi, arizalar shu sanada soat 9:00 gacha qabul qilinadi.

Undan tashqari Boʻstonliq tumanida yana kamida 44 ta lot oʻz xaridorini kutmoqda.

Avvalroq Spot Oloy bozori hududidagi bino 38 mlrd soʻmga kim oshdi savdosiga qoʻyilgani haqida xabar bergan edi.