Prezident tomonidan “Qoraqalpogʻiston shimoliy tumanlarida tadbirkorlikni rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaror imzolandi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Boʻzatov, Qoraoʻzak, Kegeyli, Qoʻngʻirot, Qonlikoʻl, Moʻynoq, Nukus, Taxiatosh, Taxtakoʻpir, Xoʻjayli, Chimboy, Shumanay tumanlarida (shimoliy tumanlar) mavjud yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligi va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish hamda qulay agrobiznes muhitini yaratish maqsad qilingan.

Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2027 yil 1 yanvarga qadar shimoliy tumanlarda joylashgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotishning istisno tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullandi:

  • auksion savdolarida sotilgan narxidan qatʼi nazar barcha xaridorlarga xarid toʻlovlarini 7 yil muddatda boʻlib toʻlash imkoniyatini berish;
  • auksion savdolarida sotilgan davlat koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomalariga muvofiq toʻlovlar 3 oy ichida toʻliq toʻlanganda shartnoma qiymatining 25 foiziga teng miqdorda chegirmalar berish;
  • jismoniy va yuridik shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalariga ijara huquqini elektron onlayn-auksionda sotib olish qiymatini 5 yil davomida boʻlib toʻlash imkoniyatini yaratish;
  • tuman hokimliklari balansidagi boʻsh turgan binolarni xususiy maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etish uchun davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlik subyektlariga tanlov orqali berish va binoni tuman hokimligi balansida qoldirish, uch yildan soʻng xususiy sherikka davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash paytida baholangan qiymatning 50 foizi miqdorida haq toʻlash hisobiga besh yil davomida toʻlash sharti bilan taqdim etilgan binolarni xususiylashtirish imkonini berish.

Shimoliy tumanlarda 2025 yil 1 yanvarga qadar eksperiment tariqasida qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan hamda yangidan oʻzlashtirishga moʻljallangan yer maydonlarini investorlarga “E-AUKSION” elektron savdo platformasida ochiq elektron tanlov asosida 30 yilga qishloq xoʻjaligi faoliyatini yuritish uchun ijaraga berishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi joriy etilmoqda:

  1. ijara huquqini yutib olish uchun toʻlanadigan toʻlovning eng koʻp miqdorini taklif etgan talabgor ustuvorlikka ega boʻlib, qolgan mezonlar boʻyicha ball berish tartibi qoʻllanilmaydi;
  2. ochiq elektron tanlov gʻolibi ijara huquqini yutib olish uchun toʻlanadigan toʻlovni eng koʻp miqdorining 50 foizini toʻlagan davrdan boshlab, ushbu yer maydonlariga ijara huquqini uchinchi shaxsga sotishi va ushbu huquqni tijorat bankidan kredit olish uchun garovga qoʻyishi mumkin;
  3. shimoliy tumanlardan roʻyxatdan oʻtib, mazkur yer maydonlarida faoliyat yuritadigan qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlariga (bundan klasterlar mustasno) ushbu faoliyatdan olinadigan daromadi boʻyicha aylanmadan olinadigan soliq, shuningdek, mazkur tumanlardagi qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirish va saqlash maqsadida foydalaniladigan yer uchastkalari va mol-mulki boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi;
  4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi talabnomalariga muvofiq foydalanishdan chiqqan sugʻoriladigan yerlarni oʻzlashtirish, sugʻoriladigan yerlarda yer tuzish, buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish yuzasidan loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda qishloq xoʻjaligi yerlari avtomatlashtirilgan yer-axborot tizimini yaratish va yangilab borish ishlariga Davlat byudjetidan mablagʻlar ajratiladi;
  5. qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan har bir gektar yerni foydalanishga kiritish hamda zaruratga koʻra sugʻorish tik qudugʻini burgʻilash yoki nasos stansiyasini qurish va ishga tushirish boʻyicha xarajatlarning bir qismi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan tuzilgan investitsiya shartnomasi yoki davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim doirasida bir marta qoplab beriladi.
  6. qishloq xoʻjaligi yerlarini foydalanishga kiritgan yerdan foydalanuvchilarga qishloq xoʻjaligi ekinlarini mustaqil joylashtirish huquqi beriladi.