9-iyun kuni axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov AQShning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Daniel Rozenblyum bilan uchrashib, IT park yangi qurilayotgan majmuasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.

Uchrashuvda IT park yangi qurilayotgan majmuasi va “Astrum” IT-akademiyasi faoliyati haqida taqdimot oʻtkazildi. Unda AKT sohasining infratuzilmasi tubdan yangilanayotgani, bu esa dunyodagi katta IT kompaniyalarni jalb etib, IT parkni yaxlit kompleks tarzda rivojlantirish, IT vakillari uchun qulay muhit yaratish maqsad qilinayotgani tushuntirildi.

Bu yerda yoshlarni yetakchi xorijiy kompaniyalarga masofadan turib xizmat koʻrsatish kasbiga, yaʼni autsorsing xizmatlarini koʻrsatishga oʻrgatish, xorijning yetakchi IT kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb qilish, mamlakatni mintaqaviy IT markazga aylantirish maqsad qilingani aytib oʻtildi.

Tanishtiruv jarayonida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov AQShning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Daniel Rozenblyumga Amerikaning IT kompaniyalarini Oʻzbekistonda mintaqaviy ofislarini ochishga taklif etdi.