Prezident “Soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish davrida biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, 2022-yil 1-iyuldan:

  • boʻsh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun moʻljallanmagan inshootlar, shuningdek, tugallanmagan qurilish obyektlari hamda ushbu obyektlar bilan band boʻlgan yer uchastkalariga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalari qoʻllanilmaydi, soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilishini toʻxtatish bekor qilinadi.

QQS maʼmuriyatchiligi soddalashtiriladi:

  • majburiy ravishda QQS toʻlovchisi sifatida eʼtirof etiladigan tadbirkorlik subyektlariga QQS guvohnomasi soliq xavfi darajasiga aniqlik kiritilmasdan avtomatik ravishda beriladi;
  • soliq organlari monitoringi davomida tadbirkorlik subyektlari faoliyatida soliq xavfi holatlarining aniqlanishi QQS guvohnomasining amal qilishini toʻxtatib qoʻyishga asos boʻladi;
  • yuqori xavf darajasi aniqlangan tadbirkorlarning QQS guvohnomasini toʻxtatib qoʻyishdan 5 kun oldin xabardor etish tartibi joriy etiladi. Ushbu muddatda kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyati beriladi. Belgilangan muddatda kamchiliklar bartaraf etilmasa, QQS guvohnomasi toʻxtatib turiladi.

Amalga oshirilayotgan bitimlar (operatsiyalar) xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga nomuvofiq boʻlishi yoki soliq toʻlovchi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan manzilda mavjud boʻlmaganlik holatlari bundan mustasno.

2023-yil 1-martga qadar:

  • hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida tovarlar (xizmatlar) identifikatsiya kodlari (MXIK)ni notoʻgʻri aks ettirganlik uchun moliyaviy jarima qoʻllanilmaydi;
  • xoʻjalik yurituvchi subyektlar asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarini hisobga olish hamda oʻz ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bogʻliq barcha operatsiyalarni “E-aktiv” AAT aks ettirish ixtiyoriy hisoblanadi.