Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Angren pipe plant” kompaniyasining 100% aksiyalar paketini xususiylashtirish jarayoniga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi.

Hozirda agentlik ushbu jarayon bo‘yicha professional konsalting kompaniyasini tanlab olish yuzasidan tanlov e’lon qildi.

Ta’kidlanishicha, konsultantlar mis quvurlari sanoati sohasida tegishli bilim va tajribaga ega bo‘lishi kerak.

Tenderga tijorat takliflari so‘rovnomaga asosan qabul qilinadi.

Qo‘shma tijorat taklifini taqdim etuvchilar jalb qilingan sherik-konsultantning ham ishini muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan va javobgarlikni zimmasiga oladigan asosiy konsultantni ko‘rsatishi lozim.

Takliflar joriy yilning 6-sentabrigacha qabul qilinadi.

Batafsil ma’lumot bu yerda.

Korxona haqida

Angren pipe plant” — O‘zbekistonda turli diametrli mis quvurlar ishlab chiqaruvchi korxona bo‘lib, loyiha quvvati yiliga 8000 tonnani tashkil etadi.

Asosiy xomashyo Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik tog‘-kon va qayta ishlash korxonalaridan biri bo‘lgan “Olmaliq KMK” tomonidan asosiy metall tarkibi 99,99% (GOST 546) bo‘lgan katodli mis yetkazib beriladi.

Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 90%i eksport, qolgan 10%i ichki bozorga yo‘naltiriladi.

2021-yil yakuniga ko‘ra, korxona 606 mlrd so‘m sof tushum, 167 mlrd so‘m sof foyda olgan.


Avvalroq “Spot” “Dori-Darmon” kompaniyasining 51% aksiyalar paketini xususiylashtirish jarayoniga professional konsalting kompaniyasini tanlab olish yuzasidan tanlov e’lon qilgani haqida xabar bergandi.