“HeadHunter” kompaniyasi hh.uz saytida joylashtirilgan 18 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan ish qidiruvchilarning rezyumelari dinamikasini tahlil qildi.

Natijada, mehnat va o‘qishni uyg‘unlashtirgan holda mehnat bozoriga yildan-yilga ko‘proq talabalar kirib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

2022-yilda ularning soni o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar ko‘paygan. Talabalar kutayotgan o‘rtacha ish haqi 2,9 mln so‘mni tashkil etadi.

Talabalar ko‘proq sotuvchi yordamchisi, kassir kasblari bo‘yicha ish qidirishmoqda. Shu bilan birga, rezyumelarda quyidagi kasblarga ham talab mavjud:

  • call-markaz operatori, aloqa markazi mutaxassisi;
  • kuryer;
  • dasturchi;
  • savdo va hisob menejeri;
  • kredit bo‘yicha mutaxassis;
  • administrator;
  • buxgalter;
  • tarjimon.

Rezyumelarda eng kam chorvachilik mutaxassisi, payvandchi, farrosh va avtoyuvuvchi kasblari tanlangan.


Avvalroq “Spot” tungi vaqtda ishlashni nazarda tutuvchi bo‘sh ish o‘rinlari soni 22%ga oshgani haqida yozgandi.

Ish beruvchilar ko‘proq restoran va mehmonxona xodimlari, farmatsevtlar, qo‘riqchilar va qadoqlovchilarni izlashgan.