Avvalroq Rossiyadan O‘zbekistonga aviachiptalar sotuvi keskin oshganligi haqida xabar berilgandi.

21-sentabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilinishi fonida Rossiyadan ayrim xalqaro yo‘nalishlarga aviachiptalar narxi 10−15 baravarga qimmatlashgan.

Shu bilan birga O‘zbekistonga aviachiptalar sotib olinishida ham yuqori dinamika kuzatilgan.

Rossiyaliklarning qo‘shni mamlakatlariga, xususan Qozog‘istonga o‘tishi ham sezilarli oshgan.

Jumladan, 115 nafar rossiyalik Qozog‘istonda yashash uchun ruxsatnoma olishga ariza topshirgan. Bu haqda respublika Ichki ishlar vazirligi Migratsiya xizmati qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Aslan Atalikov ma’lum qildi.

Atalikovga ko‘ra, sentabr oyining so‘nggi kunlarida 40 ming Rossiya fuqarosi mamlakatni tark etgan.

Unga ko‘ra, respublikaga qonuniy asosda kelgan har qanday xorijlik, shu jumladan rossiyaliklar ham Qozog‘istonda doimiy yashash uchun ruxsatnoma olishi mumkin.

Agar ular mamlakatga noqonuniy yoʻl bilan kelgan boʻlsa, unda yashash uchun ruxsatnoma olish haqida gap boʻlishi mumkin emas.

“Minglab odamlar Qozog‘iston orqali janubiy qo‘shnilarimiz — Qirg‘iziston va O‘zbekistonga jo‘nab ketishdi. Besh kun ichida 6 mingga yaqin rossiyalik Qozog‘istondan aeroportlar orqali chiqib ketdi”, — deya qo‘shimcha qildi Atalikov.


Avvalroq “Spot” Rossiya aktivlariga o‘zbekistonlik investorlarning talabi ortib borayotgani haqida yozgandi.