Rossiya banki mahalliy brokerlar orqali Rossiya fond bozoridagi xususiy xorijiy investitsiyalar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Bu haqda “РБК” Frank mediaga tayanib xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, joriy yilning aprel-iyun oylarida omonatchilar soni 6%ga oshib, qariyb 18,8 ming kishini tashkil etdi.

Shundan o‘zbekistonlik investorlarning soni 2328 tani, ular aktivlari esa 857 mln rublni tashkil etgan.

Sarmoyadorlar soni bo‘yicha MDHning sobiq davlatlari yetakchilik qilmoqda: Belarus (4,9 ming kishi), Qozog‘iston (2,7 ming), Ukraina (2 ming) va Qirg‘iziston (1,4 ming) va Tojikiston (1,1 ming).

Bu davrda sarmoyadorlarning eng katta oqimi Tojikiston (+23%), O‘zbekiston (+17%), Turkiya (+15%), Qirg‘izistondan (+14%) kuzatilgan.

Shuningdek, joriy yilning ikkinchi choragida Hindiston (+11%), Xitoy (+14%) va Serbiyadan (+6%) kelgan mijozlar soni ham oshgan.

Xorijiy investorlar, asosan, Rossiyaning yirik kompaniyalari aksiyalari va obligatsiyalarini uzoq muddatli xarid qilishdan manfaatdor ekanligi ta’kidlanadi.


Avvalroq, Moskva birjasi o‘zbek so‘mida savdolarni boshlashi haqida xabar berilgandi.

Yangi valyuta juftligi bozorning professional ishtirokchilari va ular mijozlarining savdo imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.