7-oktabr kuni Markaziy bank “Turkiston Bank” va “Hi-Tech Bank” litsenziyasini qaytarib olgani ma’lum bo‘ldi.

Bu elektron pul to‘lov tizimlaridan biri “OSON” uchun jiddiy muammolarning boshlanish nuqtasi bo‘ldi.

Kompaniya asoschisi Farhod Mahmudov “Turkiston Bank"ning yirik korporativ mijozlaridan biri bo‘lganiga qaramasdan litsenziyaning bekor qilingani haqida ommaviy axborot vositalaridan biladi.

“„Turkiston Bank“ rahbariyati salbiy hisoblari va qarzlaridan yaxshi xabardor bo‘lsa-da, hech qanday xabar yoki xat jo‘natmadi”, — deydi u.


Farhod Mahmudov,

“OSON” to‘lov tizimi asoschisi va rahbari.

Bundan xabar topgach, darhol ofisga keldim, jamoam bilan muammoni hal qilishning yo‘llari va oqibatlarini hisoblab chiqdik. So‘ng bank vakillari bilan uchrashdim.

Muzokaralar natijalari shuni ko‘rsatdiki, bu holda bizning foydalanuvchilarimiz, biz esa ularning ishonchini yo‘qotmoqdamiz.

Negaki, endi nafaqat bizning kompaniya pullari, balki ushbu bankda xizmat ko‘rsatilayotgan boshqa tizimlarning elektron hamyonlari, jismoniy va yuridik shaxslarning omonatlari, xorijiy kompaniyalarning investitsiyalari ham muzlatilgan.

Hozirda “OSON"ning qariyb 7,5 mlrd so‘mi muzlatilgan. Elektron hamyondan pulni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qaytarmoqchi bo‘lgan foydalanuvchilarimizni bankga yo‘naltirishga majburmiz, chunki biz emitent emas, faqatgina operatormiz.

Va bu yerda obro‘imizga putur yetishi pullardan ham ko‘proq yo‘qotish ekanini anglatadi, chunki har bir mijozimiz ishonchini qadrlaymiz.

Endi “OSON” bank xatolarining oqibatlari uchun javobgar bo‘ladi. Buni xavf sifatida hisoblash qiyin, chunki bunday holatlar kamdan-kam uchraydi, shuning uchun oldindan yo‘qotishlar qay darajada bo‘lishini prognoz qilish qiyin.

Endi nima bo‘ladi

Biz muzokaralarni davom ettirmoqdamiz. Bunda Markaziy bank ishni qonun doirasida hal qilish bo‘yicha maslahatlar bermoqda — bu yordamni juda qadrlaymiz.

Umid qilamanki, birgalikda foydalanuvchilar manfaatlarini himoya qila olish bilan birga elektron pul va onlayn to‘lovlarga ishonchlarini saqlab qolamiz, bu men uchun hozir eng muhim vazifa.

Moliyaviy masalaga keladigan bo‘lsak, muzlatilgan mablag‘lar bir yil ichida qoplanadi. Hozirda tizimni boshqa ishonchli bankga o‘tkazyapmiz.

“Turkiston Bank” o‘z muammolarini hal qila olmasa va o‘zini bankrot deb e’lon qilsa, biz ikkinchi ssenariyga o‘tamiz. Buning uchun inqirozga qarshi chora-tadbirlar majmuasini ham tayyorlayapmiz.

Qanday bo‘lmasin, foydalanuvchilarimiz manfaatlarini himoya qilamiz, men uchun bu birinchi darajalik masala. Mijoz har qanday vaziyatda ham aziyat chekmasligi kerak.

Agar muzokaralar doirasida muammoni hal qila olmasak, sudga murojaat qilamiz, hamkasblar va foydalanuvchilarni xabardor qilish maqsadida vaziyatning yechimi haqida albatta ochiq aytib o‘tamiz.

Afsuski, bu holat elektron hamyonlar bilan ishlaydigan barcha to‘lov tizimlari tranzaksiyalar sonining kamayishiga, hamyonlardan mablag‘larni chiqarib olish keskin oshishiga va foydalanuvchilar sonining kamayishiga duch keladi.

“OSON"ning kelgusidagi faoliyati

Bunday holatlarga duch kelganimda, rostini aytsam, mamlakatdan aktivlarni olib chiqib, xavflar kamroq va biznes yaxshiroq himoyalangan bozorlarga sarmoya kiritishni istayman.

Biroq, meni va jamoamni bu yerda — bizga tanish bo‘lgan bozorda elektron pul va onlayn to‘lovlar ekotizimini qurish g‘oyasi juda ilhomlantiradi.

Men O‘zbekistonda elektron pul madaniyati va trendini rivojlantirishni davom ettirmoqchiman. Shuning uchun yo‘qotishlarga duch kelsak-da, mojaroning ijobiy natijasini kutishga tayyormiz.

O‘zbekiston “fintech"ning mintaqaviy markaziga aylanishi mumkinligiga qattiq ishonaman.

“OSON” elektron hamyoniga keladigan bo‘lsak, biz davlat ulushi mavjud bank bilan muzokaralarning birinchi bosqichini amalga oshirdik. Hozirda bu elektron pul daxlsizligining yagona kafolatidir.

Shu bilan birga, biz neobanking xizmatlarini rivojlantirishni boshlaymiz, ehtimol litsenziya olish uchun ariza topshiramiz va raqamli bank sifatida o‘z faoliyatimizni olib boramiz.


Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.