Firuz Allayev 1989-yil Buxoroda tavallud topadi. Avval O‘zbekiston jahon tillari universitatining tarjimonlik fakultetida, so‘ngra Fransiyadagi Xalqaro siyosiy tadqiqotlar institutida ta’lim oldi.

Fransiyada o‘qigan davrida Firuz Yevropada internet-magazinlar juda katta tezlikda rivojlanayotganining guvohi bo‘ladi. Aholining deyarli 90%i xaridlarni hamyonbop narxlarda onlayn-maydonlar orqali amalga oshirar edilar.

O‘zbekistonga qaytgach esa, bunday xizmat umuman yo‘qligidan hayron bo‘lib, interenet-do‘kon ochishga qaror qiladi. Shu tarzda 2014-yil “Asaxiy” yaraladi.


2018-yil kitob savdosiga kirib kelgansiz. Bu savdoga qanday shaklda kirib kelgansiz? Onlayn yoki oflayn?

Kitob savdosiga kirib kelganimizga yaqinda to‘rt yil to‘ladi. Bunda birinchi bosqichni onlayn savdo shaklida, ya’ni internet orqali sotuvni boshlab, keyin boshqa bosqichlarga o‘tganmiz.

Tadbirkorlik faoliyatimizni rivojlantirish uchun 5 bosqichli strategiya mavjud. Ulardan birinchisi internet orqali kitoblar sotuvini yo‘lga qo‘yish edi.

Viloyatlarda oflayn savdo nuqtalari, ya’ni kitob do‘konlari ochmasligingizga nima sabab bo‘lgan?

U yerda onlayn savdo qulayroq. Masalan, bir qishloqda yashaydigan bola, qaysidir kitobni xarid qilish uchun tuman markazigacha yaxshigina yo‘l bosib, agar o‘sha do‘konda u izlagan kitob bo‘lmasa, qaytib kelishi kerak. Hozir u nima qiladi: shunchaki, internetga kirib buyurtmani beradi, uyining eshigigacha olib kelib berishadi.

Pandemiya davrida O‘zbekistonda onlayn savdoga bo‘lgan talab 2−3 baravar o‘sdi. O‘zbekistonda elektron tijoratning dinamikasi qanday deb hisoblaysiz?

Bizda juda tez. Bu faqat meni emas, balki mutaxassislarning ham fikri. Yildan yilga bank sektori, internet, logistika xizmatlarining rivojlanishi internet savdosi o‘shini tezlashtiradi. Shuningdek, bunda yana bir muhim omil — davlat xizmatlarining aksar qismi onlaynga o‘tganligi sabab bo‘lib turibdi.

Ya’ni odamlarda “demak masofadan turib ham xizmat yoki mahsulot sotib olsa bo‘ladi”, degan fikr paydo bo‘ldi.

Biroq, karantin cheklovlari olib tashlangach talab yana pastlay boshladi.

Ha, lekin biroz vaqt o‘tgach yana rivojlana boshladik. Hozir ishonch bilan ayta olamanki, buyurtmalarimiz soni karantin davridagigan 2−3 barobarga ortdi.


2021-yil Hikmat Abdurahmonov bilan suhbatda O‘zbekistondagi internet savdo tizimini 10 ballik sistemada 2 ball bilan baholagandingiz.

Hozir ham 10 balldan ikki ball bilan baholagan bo‘lardim. O‘sish bo‘ldimi, ha, shubhasiz. Infrastruktura ham yaxshilandi. Odamlar internetdan ko‘proq xarid qilishni boshladi. Lekin butun dunyoda internet savdosi bitta joyda to‘xtab qolgani yo‘q. Shiddatli o‘sishda davom etadigan bo‘lsak, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi.

Online savdo yuritish yoki do‘konlar? Aynan O‘zbekistonning hozirgi sharoitida qaysi biri tezroq natijaga erishishi mumkin?

O‘zbekistonda bugungi kunda do‘konlar tezroq natija olib keladi. Lekin ham oflayn, ham internet orqali savdo qilish kerak. Biznes agar keng jamoatchilikka mo‘ljallangan bo‘lsa, moslashishga majbur. Masalan, “Amazon"ni oladigan bo‘lsak, kompaniya AQShdagi butunboshli supermarketlar tarmog‘ini sotib oldi. Maqsad — ikki tomonlama savdoni rivojlantirish.

“Asaxiy” loyihasi sherikchilik asosida yuritiladi. Sherikchilikning qanday ijobiy yoki salbiy tomonlari bor?

Buning juda katta ijobiy tomonlari bor, ya’ni biznes kattalashgani sari bir kishi to‘liq kartinani ko‘rolmaydi. Sheriklar esa bir-birini to‘ldirishi mumkin. Masalan, mening ustun tomonlarim — marketing, qaysidir strategik jarayonlar, detallar bilan ishlashda bo‘lishi mumkin. Sherigimda esa muzokoralar olib borish, qaysiridir ishda dinamika berishda juda kuchli.

Faqat bitta narsani bilib olish kerak. Sherigim Eldor G‘afurov bilan oramizda kelishmovchilik bo‘lmaydi. Chunki ertaga tushunmovchilik kelib chiqmaslik uchun boshidan shartlarni aniq kelishib olganmiz va imkon boricha barcha vazifalarni qog‘ozga tushirishga harakat qilamiz.

Ya’ni boshidan kelishilgan holatda aniq qog‘ozga tushirilgan bo‘lsa, hammasi tekis ketadi. Aks holda bu oxiri o‘sha biznesning halokati bilan tugaydi.


Yana sheriklar olish niyatingiz bormi?

Hozircha yo‘q. Lekin biznesda turli xil miqdorda investitsiya kiritgan insonlar bor. Ular ko‘proq kiritgan investitsiyasi uchun dividend oladi, lekin biznesga xo‘jayin emas.

Oliy ta’limda olgan bilimlaringiz biznes sohasida qanchalik qo‘l keldi?

Diplomda xalqaro siyosat bo‘yicha mutaxassisman. Qaysidir muzokaralarda etika yoki hayotiy tajriba jihatidan foydasi bor, lekin biznes boshqaruvida oliygoh bergan ta’limning foydasi ko‘p tegadi, deb o‘ylamayman.

Shuningdek, buni tanqid deb qabul qilib bo‘lmaydi. Negaki IT-sohasi juda katta tezlikda o‘zgaradi. Masalan, bugungi bilimimiz, jarayonlar ikki yil oldingisi bilan to‘g‘ri kelmaydi. Butun dunyoda shunday. Shuning uchun ham oliy ta’lim bu sohada ishlash uchun tayyor kadr berishi imkonsiz.

Bu vaziyatda biznes va startaplarning o‘zi yangi ish jarayonining yangi madaniyatini yaratib, o‘zlari moslashib, yana o‘zlari o‘zgartirib ketaverishadi.

Xodim tanlashda ularning qaysi jihatlariga e’tibor berasiz?

U aynan qaysi xodim degan joyi bor. Masalan, marketing bo‘limiga xodim olinadigan bo‘lsa, uning ko‘proq ijodkorligi, nostandart narsalarni topib bera olishiga qaraladi. Lekin savdo bo‘limi bo‘lsa, u holda qanday muloqot qila bilishi, tartibiga qaralishi mumkin.

Yetkazib berish xizmatida kiyinish, o‘zini tutishiga boshqacha talab bo‘lishi mumkin. Shunga o‘xshab har bir lavozimda ish jarayoni va o‘rniga qarab talablar shakllanadi. Ya’ni xodimdan o‘z sohasiga oid ko‘nikmalarni so‘raymiz.


Faoliyatingiz davomida qanday ijobiy yoki salbiy ko‘nikmalarni boshdan kechirgansiz?

Bu doimiy jarayon. Tadbirkor faoliyati davomida kimnidir ishga oladi, 3−4 oy sinov muddati bo‘ladi. Ba’zilar uddalaydi, ayrimlar esa tortolmay chiqib ketdi. Lekin bizda shunday holatlar bo‘lganki, ayrim xodimlarga tizimdan ham ko‘proq ishonib qo‘yganmiz. Shu sabab bizni $70 minggacha tushirib ketishgan.

Ma’lum bir holatlarda kompaniya bankrot darajasiga kelib qolgan. Keyinchalik chiqib ketganmiz, va xodimlarga emas, balki tizimga ishonish kerakligini tushunib yetganmiz. Ular yaxshi bo‘lsa tizim yanada yaxshi ishlaydi. Bu narsadan hamma yutadi.

Undan keyin yana qandaydir xatolar va saboqlar bo‘ldimi?

Biznesda kichik xatolar bo‘lib turishi tabiiy jarayon. Lekin unaqa bir jiddiy — boshimizni ushlab qolib afsuslanadigan holatlar bo‘lmadi. Biz xatolardan kerakli xulosalar olib, ularni to‘g‘irlab borishga odatlanganmiz.

2020-yil statistikasiga ko‘ra “Asaxiy books” loyihasiga 2,7 mlrd so‘mlik investitsiya kiritilgan. Bu qanchalik o‘zini oqladi?

Hozirga kelib kiritilgan investitsiyalar miqdori 7,5 mlrd so‘mga yetdi. Toki loyiha o‘zini o‘zi investitsiya qilishni boshlamaguncha loyihaga sarmoya kiritishda davom etamiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda, asosan “Facebook"da, “Asaxiy"ning operatorlaridan ko‘p nolishadi. Bunga munosabatingiz qanday?

Buyurtmalarimiz, boshqa onlayn-do‘konlardan bir necha marotaba ko‘pligi tufayli e’tirozlar ham, tashakkurlar shunga yarasha bo‘ladi. Bunga tabiiy qaraymiz va bitta narsani tushunishimiz kerak. Biz shunday dunyodamiz, odamlar ko‘proq xizmatdan rozi bo‘lsa emas, norozi bo‘lsa, nimadir yozadi.

Masalan, “Amazon"ning “Facebook"dagi sahifasiga kirganda qanchadan qancha negativ fikr-mulohaza borligining guvohi bo‘lamiz. Bu “Azamon” yomon ishlayapti, degani emas, shunchaki jarayonda nimadir muommolar bo‘ladi. Va bu biznesda tabiiy hisoblanadi. Masalan, “Apple"ni olaylik, iPhone ishlab chiqarsa, bir-ikki foiz yaroqsiz mahsulotlar bo‘ladi, baribir.

Eng muhimi, e’tibor bergan bo‘lsangiz, birorta muommo aytilgan joyni, hech qachon reaksiyasiz qoldirmaymiz. Kirib, doim muommoni o‘rganib, mijozning foydasiga yechamiz. Hatto sovg‘a jo‘natgan joylarimiz bo‘ladi.


Kattaroq sovg‘a bilan mijozni ko‘nglini olishga to‘g‘ri kelgan vaziyat bo‘lganmi?

Yaqinda bo‘lgan holatda katta sovg‘a ham yordam bermadi. Bir mijoz tanishi tug‘ilgan kuniga katta sovg‘a buyurtma qilgan. Soat 7 gacha biznining operatorlar ana boradi, mana boradi, deb turib, oxirida mahsuloting yo‘q, deb buyurtmani bekor qilishgan. Endi vaziyatni o‘ylab ko‘ring. Men o‘zim rostan hijolat bo‘ldim. Haqiqatdan ham, uyaldim. Bundan o‘zimiz uchun kerakli xulosalarni oldik.

Bu muzlatgich bilan bog‘liq vaziyat edi.

Ha.

Sizningcha, mamlakatda e-commerce yo‘nalishini qanday rivojlantirish mumkin?


Birinchi navbatda bojxona tizimini to‘liq qaytadan ko‘rib chiqish va bu sohadagi monopol kompaniyalar imtiyozlarini bekor qilib, hamma uchun bir xil tartib yaratish joiz. Bu nafaqat internet savosi, balki mamlakat rivoji uchun muhim sanaladi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasining 15%dan 12%ga
tushirilishi biznesingizga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Bu hammaga ta’sir ko‘rsatadi. Avvaliga narxlarda aks etmasligi mumkin, lekin borib-borib o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Qaysidir mahsulotlar narxining o‘shish jarayonini to‘xtatadi, ba’zilarining esa narxlarini sezilarli pasayishiga olib keladi.

Mavzuga doir: Murod Muxamedjanov soliqdagi o‘zgarishlar biznes va iste’molchiga qanday ta’sir qilishi haqida.

Raqobatga qanday qaraysiz? Yaqinda O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan “Uzum” marketpleysi haqida fikringiz.

Odamlarning internetdan xarid qilish madaniyatini oshirish uchun katta investitisiyalar, jumladan, ushbu yo‘nalish mutaxassislari bo‘lgan o‘yinchilarning bozorga kirishi juda muhim. Masalan, “Yandex” o‘zi bilan taksi buyurtma qilish madaniyatini olib kirdi, odamlar bunga o‘rgandi.

Bundan hamma yutadi, ayniqsa biz. Negaki, butun bozorni tortadigan budjetga ega emasmiz. Shuningdek, yangi o‘yinchilarning kirib kelishi bozorda raqobatbardosh muhit yaratadi hamda mamlakatda e-commerce rivojiga olib keladi.


Kelajakdagi 5 yil ichida “Asaxiy"da qanday o‘zgarishlar, yangiliklar bo‘lishi kutilmoqda?

Hozir asosiy e’tiborimiz data-analitikaga qaratilgan. Bu kelajakda dasturiy ta’minotlarni yanada yaxshilab, har bir mijozga mos individual xizmat taklif qilish imkonini beradi. Uning ustida kecha-yu kunduz ishlayapmiz.

Kompaniyaning qadriyatlari, strategiya va maqsadlari mavjud. O‘zi “Asaxiy"ning strategiyasiviy maqsadi nima. Birinchisi — ma’lum bir miqdorda insonlarning dunyoqarashasini o‘zgartirish. Buni yaxshi kitoblar yetkazib berish orqali amalga oshiryapmiz. Ikkinchidan — mijozlarning hayotini osonlashtirish. Bu chekka qishloqlarga ham yetkazib berish va muddatli to‘lov yo‘lga qo‘yilgani orqali amalga oshirilmoqda.

Uchinchisi, bu kelajakka ishontirish. Bu qanday bo‘ladi. “Asaxiy” yosh jamoa, bizda 40 yoshdan tepa kadr, deyarli, yo‘q. Mana shu yosh, O‘zbekistondan chiqqan, oddiy mutaxassislar bilan tashqi investitsiya va grantlarsiz shu loyihani amalga oshirayotganimizning o‘zi kelajakka ishontirishi kerak. O‘zbekiston sharoitida ham odam o‘z kuchi va bilimi bilan hamma narsani uddalasa bo‘ladi.

Savdo tizimidachi, mahsulotlarga o‘zgartirish kiritish rejada bormi?

Bu doimiy jarayon. Har doim yangi mahsulotlar qo‘shiladi, qaysidir mahsulotlardan voz kechiladi. Masalan, bizda oxirgi ikki yilda rivojlantirilgan yo‘nalishlardan biri — idish tovoqlar sotuvi deyarli yo‘q edi. Yaqinda yana pardoz-andoz, gigiyena mahsulotlari sotuvini yo‘lga qo‘ydik. Ya’ni bu to‘xtovsiz jarayon. Yaqin kealajakda kiyim-kechak bozoriga kirish, mebellar sotuvini rivojlantirish, yana turli xil yo‘nalishlarni qamrab olish niyatimiz bor.

Biznesga kirib kelayotganlarga maslahatlaringiz.

Birinchisi, sovuqqonlik kerak. Biznesga kirgan odam emotsiya bilan kiradi — hozir boshlayman, hammasi zo‘r bo‘ladi, pulni tikaman, reklamani qilaman, deb. Yo‘q, hammasi zo‘r bo‘lmaydi. Va bu normal holat. Bu jarayon bir necha yil davomida, asta sekinlik bilan yaxshilanib boradi. Shuning uchun ham kamroq emotsiyaga berilib, asosan raqamlar va aniq faktlar bilan fikr qilinsa, ish yanada yaxshiroq bo‘ladi.

Suhbat bilan batafsil videoda tanishish mumkin: