Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, tadbirkorlik faoliyatini faqatgina quyidagi vositalar orqali tartibga solish belgilandi:

  • tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
  • tadbirkorlik subyektlari faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha litsenziyalash, ruxsat berish hamda xabardor qilish tartib-taomillarini joriy etish;
  • texnik jihatdan tartibga solish;
  • tarif va notarif tartibga solish;
  • qonunda belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlarining javobgarligini majburiy sug‘urta qilish;
  • davlat nazorati;
  • raqobatni himoya qilish;
  • qonun bilan tadbirkorlik subyektlari hamda ularning mansabdor shaxslari javobgarligini o‘rnatish;
  • hisobotlarni joriy etish;
  • o‘zini o‘zi tartibga soluvchi tashkilotga a’zolik (ishtirok etish) asosida o‘zini o‘zi boshqarishni joriy etish.

2023-yildan boshlab tadbirkorlarning yangi mahsulot va xizmatlarni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha faoliyatini maxsus tartibga soluvchi “Tartibga solish qumdoni” rejimi joriy etiladi.

Xususan, tadbirkorlarga yangi mahsulot va xizmatlarni joriy qilish faoliyatini cheklangan doirada tartibga solish orqali ayrim qonunchilik hujjatlariga amal qilmaslik, litsenziyasiz va ruxsat berish hujjatisiz faoliyatni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, kelasi yildan tadbirkorlik subyektining ustav fondini kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va OAVda bu haqida e’lon berish tartibi bekor qilinadi.

Shuningdek, hujjatda quyidagilar bekor qilinishi belgilangan:

  • yangi import avtomobillarini sotish faqat yuridik shaxslar — ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshirilishi;
  • elektr energiyasini elektr ta’minoti shartnomasida belgilangan hajmlardan (oylik shartnomaviy miqdordan) ortiqcha iste’mol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish;
  • yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni Yagona milliy mehnat tizimida hisobga olish orqali davlat soliq xizmati organlarida alohida hisobga qo‘yish.

2023-yil 1-martdan soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor tekshiruvlari va auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi.

Bundan tashqari, barcha yuridik shaxslarga Yagona portal orqali tijorat xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

Bir shartnoma summasi BHMning 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan davlat xaridlari bo‘yicha buyurtmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida bajarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shu bilan birga, vazirlik (idora, muassasa) va uning tarkibidagi tashkilot (muassasa) o‘rtasida qiymati BHMning 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinishi taqiqlanadi.

Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 1-yanvargacha “Maxsus huquqiy rejim to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.


Avvalroq, korporativ munosabatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi.