“Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish markazi” tomonidan mehmonxonalarni toifalashtirish jarayonini takomillashtirishga qaratilgan loyiha ishlab chiqildi.

Keltirilishicha, avval mehmonxonalar uchun majburiy bo‘lgan 97 ta talab 85 tagacha qisqartirildi.

Mehmonxonalar tasnifi “Turistik xizmatlar. Mehmonxonalar va ularga teng turar joylar” standartiga muvofiq amalga oshirilib, “yulduz” olish uchun ular 138 ta talabga javob berishi kerak.

Agar talablardan biri bajarilmasa, tegishli yulduz toifasini berish rad etiladi.

“Yulduz” olish standart talablari xizmat ko‘rsatish sifati, jozibadorligi, mehmonxona holati va mijozlar ehtiyojini qondirish “ko‘rsatkichi"ga qarab belgilangan.

O‘zbekistonda amaldagi talablarning miqdorini qisqartirish yoki yumshatish mehmonxonalar tasnifi, nufuzi, mavqei va sifatining pasayishiga olib kelishi qayd etilgan.

Markaz mutaxassislari “Turistik xizmatlar. Joylashtirish vositalari. Tasniflashning ballik tizimi” yangi davlat standarti loyihasini tayyorladi.

“Standart Hotels Criteria” kompaniyasining 2020−2025 xalqaro “Criteria” standarti mezonlari asosida ishlab chiqilgan tizimga muvofiq mehmonxonalar tegishli yulduz toifasini olish uchun belgilangan talablarni bajaradi va ballarni to‘playdi.

Standartda talablar “majburiy” va “ixtiyoriy"ga bo‘linadi. Xizmat ko‘rsatish sifati va qulayligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan talablar mehmonxonalar uchun “majburiy” hisoblanadi.

Tegishli yulduz toifasini olishda zarur ballarni to‘plash uchun “qo‘shimcha” talablar bajariladi.

To‘plangan ballar yig‘indisiga ko‘ra mehmonxona tegishli “yulduz” toifasini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Joriy yildan 2027-yilgacha mehmonxona bo‘yicha yer va mol-mulk solig‘i stavkasi 90%ga kamaytirilishi belgilangan. Shuningdek, foyda solig‘ini hisoblashda binolarning qiymati 2 yil amortizatsiya xarajatlari sifatida chegirib tashlanadi.

Bundan tashqari, mehmonxonalar uchun davlat budjetidan quyidagi miqdorlarda bir martalik subsidiya beriladi:

  • 3 “yulduz"li mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 40 mln so‘m;
  • 4 “yulduz"li mehmonxonalarning har bir xonasiga 65 mln so‘m.