“Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Prezident qarori (PQ-104-son, 27.01.2022 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, xizmatlar sohasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan:

  • mukammal ta’mirlangan, tashqi yoritish, sug‘orish va drenaj tizimi modernizatsiya qilingan, piyoda va velosiped yo‘laklari qurilgan, aholi gavjum ko‘chalar savdo, xizmat ko‘rsatish, sayilgoh va ko‘ngilochar ko‘chalarga aylantiriladi;
  • Toshkent, Nukus shaharlari, viloyatlar markazlari va boshqa shaharlarda ko‘pi bilan har 3−5 ta mahalla uchun mahallalararo savdo-xizmat ko‘chasi tashkil etiladi;
  • Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida ta’lim va tibbiyot muassasalari joylashgan hududlarda ixtisoslashgan klasterlar tashkil etiladi.

Qarorga ko‘ra, 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvargacha chakana savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish) xizmatlari, avtotransportda yo‘lovchi va yuk tashish, transport vositalarini ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, kompyuter xizmatlari, maishiy texnikani ta’mirlash, agro va veterinariya xizmatlarini ko‘rsatuvchi hamda ko‘ngilochar maskanlarda xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi.

Tadbirkorlarga 2022-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvargacha mehmonxona va maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori bo‘lgan savdo komplekslari bo‘yicha:

  • yer solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkasi 90 foizga kamaytiriladi;
  • foyda solig‘ini hisoblashda binolarning qiymati 2 yil amortizatsiya xarajatlari sifatida chegirib tashlanadi.

2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvargacha 28 ta tuman va shaharlarda umumiy ovqatlanish, mehmonxona, savdo, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlar uchun:

  • aylanmadan olinadigan soliq — 1 foiz;
  • mol-mulk va yer solig‘i hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilanadi.

Shuningdek, 2022-yil 1-iyuldan mazkur tumanlar va shaharlarda turizm ob’ektlarini qurish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdosiga chiqarish tartibi joriy etiladi.

Mahallalararo savdo-xizmat ko‘chalari bo‘yida joylashgan turar joy ob’ektlari tegishli xizmat ko‘rsatish turlari bo‘yicha noturar joy ob’ekti toifasiga o‘tkazilganda 2024-yil 1-yanvargacha ularga nisbatan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan stavkasi saqlab qolinadi.

2022-yil 1-yanvardan uyali aloqa operatorlari uchun uyali aloqa xizmatlariga solinadigan aksiz solig‘i stavkasi 10 foiz etib o‘rnatiladi.

Qarorga ko‘ra,O‘zbekistonga olib kiriladigan ayrim tovarlar (ovoz, tasvir yoki boshqa mu’lumotlarni uzatish yoki qabul qilish apparaturasi, ma’lumotlarni saqlovchi qurilmalar, proyektorlar, karnaylar, quloqchinlar) 2022-yil 1-fevraldan 2025-yil 1-yanvargacha bojxona bojidan ozod etiladi.

2022−2023 yillar davomida “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 640 ta xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etiladi.

Shuningdek, nodavlat maktab va bog‘chalarni qurish sharti bilan tegishli tuman (shahar)larda yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdosiga chiqariladi.

Xizmatlar sohasidagi yangi loyihalar uchun 14 foiz stavkada bitta loyiha bo‘yicha 2 milliard so‘mgacha kredit ajratiladi.