Raqobat qo‘mitasi doimiy ro‘yxatdan o‘tgan manzilida vaqtincha yashamayotgan fuqarolar uchun kommunal xizmatlar haqini qayta hisob-kitob qilishni topshirdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda vaqtincha boshqa joyda yashagan yoki xorijda bo‘lgan fuqarolarga asosiy yashash manzili bo‘yicha kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar hisoblanishi holatlarini o‘rgandi.
O‘rganishlarda xorijda vaqtincha yashayotgan, ishlayotgan, ish qidirayotgan yoki tahsil olayotgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlar amaldagi holatga mos kelmagani, shuningdek, yangi abonentlar haqidagi ma’lumotlar tizimga kiritilmagani aniqlangan.
Xususan, qariyb 800 ming fuqaro yashamagan davrda maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmati uchun to‘lovlar hisoblangan.
Shuningdek, ichimlik suvi hisoblagichi o‘rnatilmagan xonadonlarda 100 nafarga yaqin fuqaroning yashamagani aniqlangan.
Natijada fuqarolar foydasiga qariyb 22 mlrd so‘mlik asossiz qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinib, ularning huquqlari tiklandi.
Raqobat qo‘mitasi kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni hisoblash tizimlarini migratsiya ma’lumotlari bazalari bilan integratsiya qilishni taklif qildi.
Shuningdek, xorijda bir oydan ortiq bo‘lgan abonentlar va ular bilan yashovchi shaxslar uchun qaytib kelgunga qadar har oy qayta hisob-kitob qilish tizimini joriy etish taklif etildi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda qurilish obyektlaridagi 3,1 mingdan ortiq qoidabuzarlik buzdirish orqali bartaraf etilgani haqida yozgandi.