Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan mablag‘ ajratish tartibi haqidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, investorlarning mehmonxonalari 3 yulduzli toifaga kirsa va xonalari 50 tadan kam bo‘lmasa yoki 4 yulduzli va 100 ta xonadan kam bo‘lmasa Davlat byudjetidan subsidiya beriladi.

Subsidiya bir marta quyidagi miqdorlarda beriladi:

  • 3 yulduzli mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 40 mln so‘m;
  • 4 yulduzli mehmonxonalarning har bir xonasiga 65 mln so‘m.

Nufuzli mehmonxona brendlaridan foydalanish bo‘yicha franchayzing shartnomasini tuzgan tadbirkorlar shartnoma kuchga kirgan vaqtdan 3 yil davomida har yili bir marta Davlat byudjetidan moliyalashtiriladi.

3 yoki 4 yulduzli toifaga ega bo’lgan mehmonxona uchun subsidiya ajratilgan davrdan boshlab 5 yildan kam bo’lmagan muddatda mehmonxonaning kamida ushbu toifaga egaligi ta’minlanishi lozim, aks holda ajratilgan subsidiya davlat byudjetiga qaytariladi.

Tashkilotlarni moliyalashtirish quyidagi miqdorda amalga oshiriladi:

  • 3 yulduzli dastlabki 50 ta mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 200 $ ekvivalentida;
  • 4 yulduzli dastlabki 30 ta mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 400 $ ekvivalentida.

Subsidiya ajratish va moliyalashtirish uchun tadbirkorlar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga murojaat qilishi lozim.