Joriy yilning 1-dekabr holatiga ko‘p qavatli uylar va unga tutash hududlardagi noqonuniy qurilmalar soni 11 778 tani tashkil etdi. Bu haqda Uy-joy fondi inspeksiyasi rahbari Azlar Sodiqov ma’lum qildi.

Shundan 3 500 tasiga 6 mlrd so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan hamda 6 800 tasi mulkdorlarning o‘zlari tomonidan avvalgi holatiga qaytarilgan.

Yangi uylarni foydalanishga qabul qilish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha xulosalar olish maqsadida qurilish tashkilotlari tomonidan 1055 ta arizalar kelib tushgan. Shundan, yangi uylardan foydalanish uchun 488 ta arizaga ijobiy xulosalar berilgan. Qolgan 567 ta arizaga tegishli uylar foydalanishga tayyor emasligi uchun rad etish xulosalari berilgan.

Shu bilan birga, ko‘p kvartirali uylarni turardan noturarga, noturardan turarga o‘tkazish bo‘yicha 550 ta arizalar kelib tushgan.

Shundan 335 ta arizalar ixtisoslashtirishga mosligi uchun ijobiy xulosalar berilgan. Qolgan 197 ta arizaga ixtisoslashtirish talablariga javob bermaganligi uchun rad etish xulosalari berilgan.

Ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi jami 1000 ga yaqin boshqaruv organlari faoliyati o‘rganildi. Natijalarga ko‘ra 250 ta uy-joy mulkdorlar shirkatlari tomonidan jami 20 mlrd so‘m mablag‘larni talon-taroj qilish yoki uy-joy mulkdorlariga zarar yetkazganligi aniqlandi.

Shundan, 50 ga yaqin shirkat rahbarlariga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilib 700 mln so‘mga yaqin mablag‘lar shirkatlar hisobiga qaytarilgan.

Bundan tashqari, ko‘p kvartirali uylar va ularga tegishli tutash hududlarda olib borilgan ta’mirlash-tiklash ishlari o‘rganilganda jami qiymati 14 mlrd so‘m miqdorida 57 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan. Hozirda pudrat tashkilotlariga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan.

Ko‘p qavatli uylarning boshqaruv organlari tomonidan yig‘iladigan majburiy badallar mablag‘larining shaffofligini ta’minlash yuzasidan tashkil etilgan “Mening uyim billing” tizimi orqali hisob yuritilishini ta’minlash maqsadida maxsus shtab tashkil etilgan bo‘lib, 3 oy mobaynida 1500 ta murojaatlar qabul qilingan.

Shundan, 1200 tasi joyida ijobiy hal etilgan, 200 tasiga nisbatan majburiy ko‘rsatmalar berilgan, 100 ga yaqin shirkatlar boshqaruv qoidalarini buzganligi uchun 300 mln so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.

Ko‘p qavatli uylarning yer to‘lalaridan foydalanish tartibi o‘rganilganda 550 ta huquqbuzarlik va kamchiliklar aniqlangan. Shundan, 425 ta o‘zboshimchalik bilan yerto‘lalarni egallab olish yoki qayta rejalashtirish ishlari hamda 125 ta yerto‘lalarning sanitar tartibga rioya etilmaganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan jami 670 mln so‘m miqdorida 247 ta ma’muriy jarimalar qo‘llanildi hamda 290 ta yerto‘ladagi o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar avvalgi holatiga qaytarildi.

Avvalroq, Buxoroda xom ipak ishlab chiqarish uchun ajratilgan qariyb 4 mlrd so‘m kredit mablag‘i talon-toroj qilingani haqida xabar berilgandi.