Buxorodagi “B.M.” korxonasi rahbari B.A. “O‘zsanoatqurilishbank” Buxoro hududiy filialining mas’ul shaxslari bilan o‘zaro til biriktirib, 3,9 mlrd so‘m kredit mablag‘ini talon-toroj qilgani aniqlandi.Bu haqda Prokuratura Departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, bank filialining murojaatiga asosan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Natijada, “B.M.” korxonasi rahbari B.A. bank filialining mas’ul shaxslari bilan o‘zaro til biriktirib, MCHJga xom ashyo (xom ipak) ishlab chiqarish uchun ajratilgan 3,9 mlrd so‘m kredit mablag‘ini boshqa MCHJning kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun yo‘naltirgan.

Shuningdek, shartnomada ko‘rsatilgan mahsulotlarni xarid qilmasdan, ushbu mablag‘larni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, “Turonbank” xodimlari tomonidan bankomat pullari talon-taroj qilingandi. Ular soxta ma’lumotlar tuzish orqali jami 347,5 mln so‘m va $7,6 ming o‘zlashtirishgan.