2022-yilda kriptovalyuta investorlari xakerlik hujumlari tufayli $3,8 mlrd yo‘qotishdi, deb yozadi “Forbes Russia” “Chainalysis” tahliliy kompaniyasi hisobotiga tayanib.

Qayd etilishicha, kiberjinoyatchilar oktabr oyida eng koʻp mablagʻ oʻgʻirlashgan — 32 ta hujum natijasida xakerlar $775,7 mln.ni qo‘lga kiritgan.

“Chainalysis” ekspertlarining taʼkidlashicha, oʻtgan yili Shimoliy Koreya bilan bogʻliq xakerlar eng koʻp buzgʻunchilikni amalga oshirib, $1,7 mlrd.ni oʻgʻirlagan.

“Kriptovalyuta xakerliklari mamlakat iqtisodiyotining muhim qismini tashkil etadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi”, — deb xulosa qildi “Chainalysis” ekspertlari.

Hisobotga ko‘ra, markazlashmagan moliyaviy protokollar (DeFi) eng ko‘p hujumlarni (82%) tashkil etgan — ushbu buzg‘unchiliklar tufayli xakerlar 2022-yilda o‘g‘irlangan mablag‘larning $3,1 mlrdi.ni olgan.

Ta’kidlanishicha, DeFi protokollari 2021-yilda tajovuzkorlar uchun asosiy maqsad bo‘lgan. Kriptovalyutalarning aksariyati o‘zaro zanjirli ko‘prik protokollaridan (Cross-chain Bridge) o‘g‘irlangan, bu foydalanuvchilarga raqamli aktivlarni bir blokcheyndan boshqasiga ko‘chirish imkonini beradi.

“Agar ko‘prik yetarlicha katta bo‘lsa, aqlli shartnoma kodidagi har qanday xato yoki boshqa mumkin bo‘lgan zaiflik deyarli aniq topilib, tajovuzkorlar tomonidan foydalaniladi”, deyiladi “Chainalysis” hisobotida.


Avvalroq “Spot” nima uchun O‘zbekistonda xorijiy platformalarda kriptoaktivlar savdosi bilan shug‘ullanish mumkin emasligi, nima uchun O‘zbekiston “Binance” xalqaro kriptobirjasi bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani haqida yozgandi.