Jamshidxon Ziyoxonov 1995-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 138-umumiy o‘rta ta’lim maktabini tugatgach, farmatsevtika litseyida, keyinchalik institutida o‘qiydi.

Oliy ta’lim sifatidan qoniqmagan qahramonimiz, undagi muammolar haqida video olib, “YouTube"ga joylaydi. Videodagi muammolar dolzarbligi tufayli keng qamrovga ega bo‘ladi.

Rolikni ko‘rgan aksariyat odamlar izohlarda jurnalist bo‘lishi kerakligini aytishadi. Shunda Jamshidxon bu haqda jiddiy o‘ylaydi. Ko‘p o‘tmay u O‘zbekistondagi OAVlardan birida ishlay boshlaydi.

Shu tariqa sakkiz yillik harakatlar natijasi bo‘lgan “Muhandis-texnolog” mutaxassisligi bo‘yicha diplomni olishidan 20 kun o‘tar-o‘tmas u media sohasida ishlashni boshlaydi.


Subyektiv qanday boshlandi?

Jurnalistlik faoliyatimni boshlaganimda asosan tarjima va tahrir kabi ishlar bilan mashg‘ul bo‘lardim. Taxminan bir yil vaqt o‘tgach zerikdim, chunki bu ishlardan ham qiziqrog‘i va ko‘prog‘ini qila olishimni bilardim.

Blogerlikka qiziqqanim uchun rahbarimga “Subyektiv” loyihasi haqida aytib berdim. U kishi loyihani boshlashimga rozilik bildirdilar va kompaniya homiyligida ishni boshladim.

“Subyektiv jamoasi”. Loyihani boshlaganimda jamoamiz ikki kishidan iborat edi: men va operator. Hozirgi vaqtda jamoada besh kishi ishlaydi: men (muallif), Bekmirza Rashidov va Abdullajon Yusupov (hammualliflar), Muhammadjon G‘aniyev (video tahrirchi, operator) va Baxtishod Muxiddinov (digital marketing mutaxassisi).

Men asosan ko‘rsatuvlar g‘oyasi, ularni yaratish bilan shug‘ullanaman. Hammualliflar esa ularni yanada boyitishga hissa qo‘shadi va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda qisqa videolar chiqaradi.

Bizniki kabi media loyiha uchun besh kishi kamlik qiladi, shuning uchun hozirda kengayish niyatidamiz. Yana uch kishi qo‘shilsa ideal jamoaga aylanamiz, deya olaman. Ular ichida ssenarist, lokatsiya va rekvizitlar bilan shug‘ullanuvchi menejer hamda faqat video olish uchun javob beradigan operator bo‘ladi.

Kadrlarni yig‘gach, professional jamoaga aylanib, ko‘rsatuvlar yaratishni konveyerga qo‘yib olsak bo‘ladi. Shunda roliklarimiz sifati yanada oshadi va ular tezroq tayyor bo‘ladi.

jamshidxon ziyoxonov, subyektiv

Foto: Kseniya Gorbachyova / Spot

Mavzu tanlash emas, uni yoritish qiyin

Biz asosan jamiyatimizdagi dolzarb muammolarni yoritamiz. Undagi muammolar qanchalik ko‘p bo‘lsa, bizga mavzu tanlash shunchalik oson bo‘ladi. Masalan, hozirning o‘zida mening ro‘yxatimda 100ga yaqin mavzu bor. Biroq ularni yoritish oson ish emas.

Masalan, har kuz mavsumida yo‘llarimizga suv toshadi. Drenaj sistemasi bizda yo‘qligi yoki ishlamasligi haqida video tayyorlamoqchi bo‘lsam, bunda menga shu narsalarni yaxshi tushunadigan mutaxassis ham kerak. Ushbu ekspert yurtimizdagi muammo haqida o‘z fikrini va uni qanday yechish mumkinligi haqida gapiradi.

O‘zbekistonda bunday yaxshi mutaxassis bo‘lmasligi yoki bizning ko‘rsatuvga chiqishni xohlamasligi (qo‘rqishi) mumkin. Mana shu muammo ham ba’zi mavzularni olib chiqolmasligimizga sabab bo‘ladi.

Masalan, yaqinda oliy ta’lim haqida video tayyorladik. E’tibor bersangiz, unda talabalar chiqmagan. Vaholanki, biz ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda ko‘p e’lonlar berganmiz, lekin OTMda o‘qiydigan va hozirgi muammolarni aytib berishga tayyor talabalarni topa olmadik.

Ko‘p talabalar muammolar haqida o‘zimizga yozishdi, lekin ko‘rsatuvga chiqishdan qo‘rqishdi, chunki bunda universitetdan haydalib ketish xavfi bor.

jamshidxon ziyoxonov, subyektiv

Foto: Kseniya Gorbachyova / Spot

Ishimizdagi eng muhim omil — auditoriyani his qilish qobiliyatidir. Bu bilan nima demoqchiman? Har bir ko‘rsatuvni tayyorlashda auditoriyani his qilishga harakat qilamiz, ya’ni qanday gapirsak ularga ta’sir qilishi, biror gap aytilyotganda kadrda nima ketishi kabi narsalar haqida o‘ylaymiz.

Yana bir muhim omil shuki, biz odamlarga iloji boricha sodda tilda gapirishga harakat qilamiz. Tomosha qilayotgan har bir odam nima demoqchi ekanligimizni tushunsin, biror muammo qanchalik dolzarbligi hammaga yetib borsin deb shunday qilamiz.

Ko‘rsatuvlarda o‘zim shevada gapiraman, chunki shundagina gapirayotganlarim tabiiy chiqadi va tomoshabinlarga tushunarliroq bo‘ladi.

Monetizatsiya

Media loyihalarida bir-nechta monetizatsiya usulidan foydalanish mumkin. Bularga asosan “YouTube” monetizatsiyasi, donat va reklama kiradi. “YouTube” monetizatsiyasi juda kam pul olib keladi. Buning ustiga, so‘nggi paytlardagi Rossiya ustidan qo‘yilgan sanksiyalar tufayli bu monetizatsiya deyarli to‘xtab qoldi.

Donat yaxshi usul. Biz uni ham yo‘lga qo‘yib ko‘rganmiz. Bir kunda taxminan 4 mln so‘m atrofida pul tushgan, keyingi kunlari esa ancha kamayib ketgan. Bir ko‘rsatuvdan 5 mln so‘m tushganda ham bu bizning xarajatlarimizni qoplamaydi.

Hozirda bizning oylik xarajatimiz 50 mln so‘m atrofida. Yaqinda jamoaga yangi odamlar olsak, bu yanada oshadi.

jamshidxon ziyoxonov, subyektiv

Foto: Kseniya Gorbachyova / Spot

Shuning uchun biz asosan reklamalarga urg‘u beramiz. Bizda reklama narxi boshqalarga qaraganda qimmatroq. Bunga bir nechta sabablar bor. Birinchidan, bizning auditoriyamiz katta va ularning asosiy qismini 18−34 yosh oralig‘idagi kishilar, ya’ni to‘lov qobiliyati yaxshi bo‘lganlar kuzatib boradi.

Ikkinchidan, bizning ko‘rsatuv oyiga bir yoki ikki marta chiqadi va har bir ko‘rsatuvda uzog‘i ikkita reklama bo‘ladi. Uchinchidan, reklama uchun ssenariy yozamiz, kerak bo‘lganda aktyor topamiz, lokatsiyalar bilan ishlaymiz. Shunchaki sifatsiz narsa berishni xohlamaymiz.

Aytgancha, aynan reklamalar tufayli hozir loyihamiz foydada, ya’ni xarajatlarimiz qoplanadi. Buning ichiga videolarimiz orasidagi reklamalardan tashqari “Instagram” sahifamizdagi reklamalar ham kiradi.

Ko‘pincha “Instagram” sahifamizda reklama qo‘yganimizda ba’zi obunachilar buni salbiy qarshi oladi. Lekin ular bir narsani tushunishlari kerak deb o‘ylayman. Biz kontent yaratuvchilarmiz, ya’ni bu bizning asosiy ishimiz. Bundan tashqari ofis ijarasi kabi boshqa xarajatlarimiz ham bor.

jamshidxon ziyoxonov, subyektiv

Foto: Kseniya Gorbachyova / Spot

$30 000 lik reklama taklifini rad etganmiz. Bizga reklama so‘rab yozishganda asosan ular uchun alohida ko‘rsatuv tayyorlab berishimizni so‘rashadi. Yaqinda bir korxona tomonidan $30 000lik taklif tushdi, lekin biz rad etdik.

Negaki bunday ko‘rsatuvlar hech kimga qiziq bo‘lmaydi va reklama ekanligi auditoriyaga bilinib qoladi. Men buni obunachilarga bo‘lgan xurmatsizlik deb hisoblayman.

Bundan oldin ham bizga ko‘p shunga o‘xshash $3000−5000 atrofida takliflar tushgan. Biz esa bunday takliflarni rad etib, dolzarb muammolarni olib chiqishda davom etamiz.

O‘zbekiston media bozoridagi holat

O‘zbekiston media bozori hali ancha bo‘sh. Hozir istalgan qiziqqan odam bu bozorga kirib kelsa bo‘ladi, bunda faqat originallik bo‘lsa bo‘lgani. Boshqalarga taqlid qilib, plagiat orqali kirish yaxshi fikr emas. Boshqalardan ilhomlansa bo‘ladi, lekin o‘zining o‘ziga xos usuli bo‘lishi kerak.

Mendan blogerlikni nimadan boshlash haqida ko‘p so‘rashadi. Odam bu savolni o‘ziga berishi kerak. Ya’ni “Men kimman? Odamlarga qanday kontent bera olaman?”, “Odamlar nimaga meni tomosha qilishi kerak?”.

Tajribasi, mutaxassisligi, qiziqishlaridan kelib chiqib video tayyorlagan ma’qul. Yoki rus, ingliz tillarini yaxshi bilsa, bu tillardagi manbalarni o‘rganib, ularni o‘zbek tilida chiqarish mumkin. Bu ham bir yo‘nalish.

Bizning birinchi videomiz bekorga ekologiya haqida bo‘lmagan. “Home” nomli hujjatli filmni ko‘rgach, bu mavzu meni xavotirga solib kelardi. Shuning uchun bu O‘zbekistonda uncha mashhurmasligini bilib turib, aynan shu bo‘yicha video tayyorlaganman.

jamshidxon ziyoxonov, subyektiv

Foto: Kseniya Gorbachyova / Spot

Keyingi yillarda o‘zbek media bozorida “YouTube"-kontent rivojlanadi. Shu paytgacha “Instagram"da vaynlar, umuman hajviy kontent ancha rivojlangan edi. Odamlar asosan ularni tomosha qilayotgandi va reklama beruvchilar ham asosan ularga murojaat qilishardi. Hozir ham shunday, lekin “YouTube"da saviyali kontent yaratuvchi ijodkorlar ko‘paymoqda. Bu quvonarli holat.

Masalan, “Subyektiv” kabi ijtimoiy muammolar haqida gapiradigan boshqa “YouTube” kanallar paydo bo‘lsa, ular bizning soha rivojlanishiga hissa qo‘shadi, to‘grirog‘i, biz birgalikda bu sohani tezroq rivojlantiramiz.

Ular biz bilan bir xil muammo haqida ko‘rsatuv tayyorlamasa-chi? Bu ham yaxshi. Oldinroq aytganimdek, mening ro‘yxatimda 100ga yaqin mavzular bor. Biz esa bir oyda bitta, uzog‘i ikkita ko‘rsatuv chiqara olamiz. Bizga o‘xshagan boshqa kanallar boshqa mavzularni yoritsa, muammolar tezroq ommaga yetkaziladi.

MDH darajasiga chiqish niyatimiz bor. MDH davlatlarida mashhur ko‘p blogerlar bor. Biz ham “Subyektiv"ni xalqaro darajaga olib chiqishni reja qilganmiz. Bizda nafaqat MDH, balki butun dunyoga qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir-necha ko‘rsatuvlar bor.

Bunga misol qilib 2018-yil Rossiyada o‘tgan futbol bo‘yicha Jahon Chempionati finalida muxlis maydonga yugurib chiqishini tashkillashtirgan o‘zbek yigit haqidagi ko‘rsatuvni keltirish mumkin. Bu ko‘rsatuvni tarjima qilsak, butun MDHda ko‘rishadi deb o‘ylayman.

Buning uchun esa bizga tajribali tarjimonlar kerak. Ko‘rib turganingizdek, bu ham pulga borib taqaladi. Saviyali kadrlar ishi arzon turmaydi, albatta.