Shahrisabz-Qarshi-Samarqand yo‘nalishida elektr poyezd harakati yo‘lga qo‘yiladi. Bu bo‘yicha davlat rahbari Qashqadaryoni iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda vazifa berdi.

Unga ko‘ra, mazkur yo‘nalish bo‘yicha harakat amalga oshirilib, yo‘lovchi oqimini oshirish belgilanmoqda.

Shuningdek, viloyatning Nishon va Chiroqchi tumanlarida 3 ta quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Davlat idoralari, korxona va xonadonlarda 76 Megavattli quyosh panellari o‘rnatish imkoniyati bor. Elektr tarmoqlari yangilanib, energiya iste’moli yuqori qurilmalar almashtiriladi.

Shuningdek, yiliga 2,2 mlrd kilovatt sarflaydigan Qarshi magistral kanalining nasos stansiyalarida 6 chastotali boshqarish vositasi o‘rnatiladi.

2023-yilda viloyatga $1,5 mlrd investitsiya jalb qilib, 440 ming aholini daromadli ish bilan ta’minlash belgilangan.

Avvalroq, davlat rahbarining kasanachilikni rivojlantirish bo‘yicha qarori qabul qilingandi. Qashqadaryoda yana 150 ta mahallada qo‘shimcha 20 ming aholini kasanachi qilish mumkinligi qayd etildi.

Dehqonobod, Yakkabog‘, Shahrisabz va Nishon tumanlarida suv ta’minotini yaxshilab, 10 ming aholini band qilish, Mirishkordagi 5 ming gektarli tabiiy ko‘lda baliq yetishtirishni ko‘paytirish vazifalari aytib o‘tildi.

Sanoat zonalarida bo‘sh turgan maydonlarda 50 ta loyihani amalga oshirib, 2 mingta ish o‘rni yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Shuningdek, joylardagi “o‘sish nuqtalari"ga tadbirkorlarni jalb qilib, qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.

“Har bir tumanda salohiyatni loyihaga, loyihani ish o‘rinlariga aylantirish kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq, prezident tomonidan imzolangan hujjat bilan, yil yakuniga qadar Andijon, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida to‘qimachilikka ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini tashkil etish belgilangandi.

Shuningdek, Xitoyning “CEEC Energy China” kompaniyasi tomonidan qurilishi rejalashtirilgan uchta quyosh fotoelektr stansiyasining bittasi Qashqadaryoga to‘g‘ri keladi.