Kasanachilikni rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. Hujjat bilan, ish beruvchilarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni kasanachi sifatida jalb qilishga ruxsat berildi.

Shunga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati 19 taga to‘ldirildi.

Bu kabi faoliyat turlari qatorida qayta ishlangan jundan kiyimlar va boshqa buyumlar to‘qish, qog‘ozdan qutilar, banderollar, yassi oyoqli bolalar oyoq kiyimlarini tayyorlash kabi faoliyat turlari mavjud. Batafsil rasmda:

kasanachilik, qonunchilik, subsidiya

1-martdan 2026-yilgacha 3 oydan ko‘p 30 tadan ortiq kasanachilarni jalb qilgan va u asosida ishlab chiqargan mahsulotlardan olgan daromadi jami daromadining 60 foizidan ko‘pni tashkil etgan tadbirkorlar uchun:

  • foyda va aylanmadan olinadigan soliqning soliq bazasi 50%ga kamaytirilib hisoblanadi;
  • ayrim davlat mulkilaridan foydalanganlik uchun ijara to‘lovi 50% miqdorda belgilanadi;
  • davlat xaridlari doirasida tuziladigan shartnomalarda buyurtmachilar tomonidan 50% oldindan to‘lov amalga oshiriladi.

“Usta-shogird” maktablar o‘quvchilari ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan tartibda to‘laydi.

Kam ta’minlangan oilalarga bolalar puli va moddiy yordam berishda ularning kasanachilik yoki qishloq xo‘jaligiga mavsumiy jalb qilingan 6 oygacha bo‘lgan davrda olgan daromadlari inobatga olinmaydi.

Shuningdek, kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilib, 1-martdan Jamg‘arma hisobidan tadbirkorlarga har bir kasanachining dastlabki 3 oy davomidagi faoliyati uchun 1 oylik daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarga quyidagi subsidiyalar ajratilishi belgilangan:

  • 2025-yilgacha kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan ishsiz va ish qidirayotgan, ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolarga asbob-uskunalar va xomashyo xarid qilish uchun BHMning 30 baravarigacha;
  • kasanachilik asosida uyda ishlayotgan nogironlarning ish joyini moslashtirish uchun BHMning 40 baravarigacha;
  • kasanachilarni kasb-hunarga o‘qitishg uchun BHMning 2 baravarigacha.

Hokim yordamchilari tavsiyasi asosida tadbirkorlarga aylanma mablag‘larini to‘ldirish maqsadida har bir kasanachi uchun 2 mln so‘mgacha, jami 300 mln so‘mgacha yillik 14%, 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha kredit ajratiladi.

Shu bilan birga, jamg‘arma hisobidan har bir kasanachi uchun 1 mln so‘mgacha, jami 150 mln so‘mgacha 2 yilgacha muddatga foizsiz ssuda ajratiladi.

1-iyungacha davlat ulushi mavjud savdo majmualari va dehqon bozorlarida hunarmandchilik va kasanachilik rastalari tashkil etilishi qayd etilgan.

2022-yil 1-oktabrdan kasanachilarga ajratiladigan subsidiya miqdori 3 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha oshirilishi belgilangandi.