“Get Experts” rekruting kompaniyasi ayollarning kompaniyalar ichidagi va mehnat bozoridagi mavqei bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazdi. (“Spot"da mavjud).

Unda 253 ta professional — mutaxassislar, menejerlar, top-menejerlar hamda mahalliy va xalqaro kompaniyalar egalari ishtirok etdi. So‘rov ishtirokchilari orasida ayollar ulushi 68% tashkil etgan.

Natijalarga ko‘ra, respondentlarning 10%i o‘z kompaniyalarida rahbar ayollar yo‘qligini ta’kidlashgan.

Shuningdek, respondentlarning 27%i 10% dan ko‘p bo‘lmagan rahbar ayollar borligini, 35%i 11%dan 30% gacha bo‘lgan raqamlarni, 17%i esa 41% dan 50%gacha kompaniyalarida rahbar ayollar borligini qayd etgan.

Yana 7% ishtirokchi o‘z kompaniyalaridagi ayollarning yarmidan ko‘pi yetakchilik lavozimini egallashiga ishonadi. Yana 4% respondent esa baholashni qiyin deb topgan.

Ishtirokchilarning 52%i O‘zbekistonda ayollar uchun karyera qilishda to‘siqlar mavjudligini qayd etdi. Shuningdek, karyera qilishdagi to‘siqlar bo‘yicha ayol va erkaklarning Top-3 talik javoblari ham bir biridan farq qiladi.

Xususan, erkaklar karyera va oilani uyg‘unlashtirishdagi qiyinchiliklar (65%), martaba rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi majburiy tanaffuslar (61%) hamda “erkak” va “ayol” kasb va lavozimlari haqidagi stereotiplar (43%) kiradi.

Ayollar esa rahbar ayollarga nisbatan noto‘g‘ri qarashlar (60%), majburiy tanaffuslar (56%) hamda karyera va oilani birlashtirishdagi qiyinchiliklar (52%) kabi to‘siqlarni ko‘proq tanlashgan.

Bundan tashqari so‘rovnomada bir xil lavozimlarni egallagan ayollar va erkaklarning ish haqi darajasi turlicha baholangan. Erkaklarning 66%i uni teng, 30%i esa tengsiz deb hisoblagan.

Ayollarning javoblari mutlaqo teskari — ularning 50%i ish haqi tengsizligini ta’kidlasa, 38%i teng degan fikrda.

Barcha xodimlar uchun tenglik, xilma-xillik va inklyuzivlik siyosati haqida so‘ralganda, respondentlarning 64%i bu haqda hech qachon eshitmaganligini yoki bu ularning kompaniyasida yo‘qligini ta’kidlashgan.

Yana 34% ishtirokchi bu siyosat global miqyosda o‘z kompaniyasida qabul qilinganini, O‘zbekistonda esa 23% hollardagina amalga oshirilayotganini qayd etgan.

Ayollarning 98%i va erkaklarning 78%i turli xillik siyosatini joriy etish, huquq va imkoniyatlar tengligini ta’minlash zarurligini ma’qullashgan.

Ularning fikricha, professional ayollarni rag‘batlantirish va ularga o‘z martabalarini qurishda yordam berish uchun kompaniya rahbarlari quyidagi choralarni ko‘rishlari kerak: martaba va bola parvarishi (53%), ish haqi tengligini ta’minlash (52%) va gender tengligini ta’minlash.

Shuningdek, 51% respondent bandlik va martaba o‘sishini, 45%i esa gender tengsizligini bartaraf etish kabilarni tanlashgan.

“Turli mamlakatlarda o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, boshqaruv tuzilmalarida gender xilma-xilligi kompaniyalarning moliyaviy ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Biz, turli sohalardagi asosiy lavozimlarga mutaxassislarni tanlash bo‘yicha mutaxassislar sifatida ham bu haqiqatni tasdiqlaymiz”, — dedi “Get Experts” rekruting kompaniyasi bosh direktori Olga Shamber.

Avvalroq, ayol-qizlar uchun “TumarisExpo” startaplar ko‘rgazmasiga ro‘yxatdan o‘tish boshlangani haqida xabar berilgandi.