Joriy yil mart oyidan boshlab butun mamlakat bo‘ylab 5G texnologiyasi joriy etiladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zbektelekom” axborot xizmati rahbari Temur Mamajonov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mamlakat bo‘ylab 5G texnologiyasini joriy etish loyihasi doirasida mavjud tayanch stantsiyalari modernizatsiya qilinib, yangilari o‘rnatiladi.

Jumladan, butun mamlakat bo‘ylab 3 mingdan ortiq mavjud tayanch stansiyalarini eng so‘nggi texnologiyalar bo‘yicha yangilanadi.

Shuningdek, 2 mingdan ortiq yangi tayanch stansiyalarini qurish va ishga tushirish maqsad qilingan.

Bu O‘zbekiston bo‘ylab mobil aloqa sifatini yaxshilash, LTE standartidagi mobil internet tezligi hamda uning qamrovini oshirish imkonini beradi.

Loyihaning muhim bosqichi qator tayanch stantsiyalarini 5G standartiga yangilash jarayoni hisoblanadi.

Natijada mobil aloqa abonentlari beshinchi avlod tezligida mobil internetdan bemalol foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

O‘zbekistonda birinchi marta flagman smartfonlar, jumladan, iPhone egalari 5G texnologiyasidagi mobil internetdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

“UZTELECOM” O‘zbekistonda mazkur qurilmalar foydalanuvchilariga beshinchi avlod aloqa imkoniyatlaridan foydalanish imkonini beruvchi birinchi operator bo‘ladi.

Loyihaning birinchi bosqichida 5G tarmog‘i bilan Toshkent shahrini to‘laqonli qamrab olish, shuningdek, respublika viloyat markazlari qisman qamrab olinishi ta’minlanadi.

Ishlar yakuniga etgach, respublika bo‘ylab 5G texnologiyasini joriy etishning keyingi bosqichlari tahlil qilinadi.

5G O‘zbekistonda

2018-yilda GSMA xalqaro assotsiatsiyasi 5G O‘zbekistonda faqat 2025-yilgacha paydo bo‘lishi haqida ma’lum qilgandi.

2019-yilda prezident mamlakatda 5G texnologiyasini joriy etishni tezlashtirish kerakligi haqida aytgandi.

Shu yili sentabr oyida “Uzmobile” 5Gni sinov tariqasida ishga tushirdi.

2020-yil noaybr oyida 5G uchun dastlabki 11 ta stansiyaning ishga tushirilishi e’lon qilindi.

2022-yil iyul oyida Samarqanddagi sayyohlik markazida yuqori tezlikdagi 5G tarmog‘ini sinovdan o‘tkazish boshlangani haqida xabar berildi.

Sentabr oyida “Huawei” va “ZTE” kompaniyalari O‘zbekistonda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati $506,8 mlndan ortiq 4 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzoladi.

Loyiha doirasida Toshkent shahrida va barcha viloyatlar markazlarida beshinchi avlod 5G standartidagi tayanch baza stansiyalari o‘rnatilishi belgilangan.