Prezident xitoyga tashrifi doirasida doirasida 25 aprel kuni “Huawei” kompaniyasining Tadqiqotlar va innovatsiyalar markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya asoschisi Jen Chjenfey bilan O’zbekistonda “Xavfsiz shahar”, “Elektron hukumat” va shoshilinch tibbiy yordam xizmatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbari kompaniya bilan hamkorlikda mamlakatimizda amalga oshirilgan loyihalar, mutaxassislarni tayyorlash masalalari bilan qiziqdi.

“Yangi texnologiyalarni jalb etishdan oldin ularni ishlatuvchi mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish juda muhim. Kompaniya bilan avvalo ushbu yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik qilish, mamlakatimizda 5G texnologiyasini joriy etishni tezlashtirish kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuv yakunida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

“Huawei Technologies” raqamlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biridir. Innovatsion axborot mahsulotlari va yechimlari, ma’lumot uzatish tizimlari, optik qurilmalar, routerlar, tarmoq uskunalari, ma’lumot markazlari, iste’molchilar uchun smartfonlar, planshetlar, kompyuterlar, maishiy elektr jihozlari ishlab chiqarish kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.