Avvalroq prezident ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Unda Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar taklif etildi.
Bunda Oliy attestatsiya komissiya faoliyatini Fanlar akademiyasi tizimida tashkil qilish, ilmiy kengashlar masʼuliyatini oshirish hamda ular faoliyatini reyting asosida baholash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ilmiy daraja berish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish taklif qilindi.
Xususan, hozirgi kunda dissertatsiya himoyasi jarayonida amal qilayotgan tartib-taomillarning 50% i raqamlashtirish hisobidan qisqartiriladi.
Mazkur jarayonda ko‘p sonli hujjatlarni chop etish, avtoreferatlarni katta miqdorda tayyorlash hamda dissertatsiyalarni takroran muhokama qilish bilan bog‘liq ortiqcha talablar bekor qilinishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ilm-fan va iqtisodiyotning real sektori integratsiyasini kuchaytirish maqsadida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini amaliy tadqiqot loyihasi doirasida olishni nazarda tutuvchi Loyiha doirasida ilmiy daraja hamda Amaliy doktorantura dasturlarini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.
Ushbu yondashuvlar doirasida doktorlik tadqiqotlari ishlab chiqarish va iqtisodiyotning amaliy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Bunda ilmiy izlanishlar real sektor korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshirilib, ularning natijalarini amaliyotga joriy etishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Ilmiy loyihalarni moliyalashtirish va saralash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Jarayonga xalqaro ekspertlarni jalb qilish, zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida loyihalarni baholash tizimini joriy qilish hamda ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishda shaffoflik va samaradorlikni oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, ilmiy faollikning yuqori o‘sish surʼatlari tadqiqot sifati, akademik halollik va ichki ilmiy nazorat mexanizmlarini yana-da kuchaytirishni talab etmoqda.
Shu munosabat bilan olimlarning ilmiy faoliyatini kuzatishning yagona raqamli tizimini joriy etish, ilmiy etika standartlarini takomillashtirish, tadqiqot sifati ustidan taʼsirchan monitoring mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.
Xorijda faoliyat yuritayotgan tajribali vatandosh olimlar bilan hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Jumladan, ilm-fan sohasini xalqaro tajriba asosida rivojlantirish, ilmiy tadqiqot madaniyatini mustahkamlash hamda zamonaviy metodologik standartlarni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiquvchi Ilm-fan maslahat kengashini tashkil etish taklifi bildirildi.
Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni har tomonlama puxta ishlab chiqish, ilm-fan va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda ilmiy tadqiqotlar sifatini yana-da oshirish muhimligini taʼkidladi.
Spot, avvalroq, bakalavriatni xorijiy tilda bitirganlardan magistraturada til sertifikati talab qilinmasligi haqida yozgandi.