Fermerlarga “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida 3 yilga 14%li kredit beriladi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha videoselektoda ta’kidlangan.

Mablag‘lar o‘rdak, tovuq va kurka boqish maqsadida ajratilishi ta’kidlangan.

Tuman hokimlariga dala va kollektor-drenaj atrofidagi yerlarni fermer xo‘jaliklari o‘z ishchilari va ehtiyojmand aholiga o‘n yilga ikkilamchi ijaraga berishni tashkil qilish topshirildi.

Dala chetlariga uzum ko‘chatlari va kadi urug‘larini, tut ko‘chatlarini ekish, parranda va asalari uyalarini yetkazib berish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda klaster, fermer va dehqonlarning 11 mingga yaqin texnika va agregatlarga talabi mavjudligi qayd etildi.

Shu sabab, 1-apreldan mahalliy ishlab chiqarilgan barcha texnikalar xaridi uchun 15% subsidiya beriladi. Hozir faqat Chirchiq klasterida ishlab chiqarilgan texnikalarga tatbiq etiladi.

Import qilingan texnikalar uch yil muddatga bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi, ular bo‘yicha QQSni kechiktirib (9 oy davomida) to‘lashga ruxsat beriladi.

Shuningdek, texnika xaridi uchun 10 yil muddatga 10%lik kreditlar ajratiladi.

Aholiga bo‘lib berilgan 200 ming gektar, dala chetlaridagi 50 ming gektar hisobidan 5 mln tonna qo‘shimcha mahsulot yetishtirish ta’minlanadi.

Iqtisodiy instrumentlarni ko‘paytirib, hokim yordamchilari tizimi orqali mazkur yerlarda kooperatsiyani rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash belgilanmoqda.

Shuningdek, mutasaddilarga quyidagilarni amalga oshirish vazifasi berildi:

  • dehqon va fermerlarga qulay bo‘lgan $250 mln dollarlik kredit, lizing va sug‘urtaning yangi turlarini yo‘lga qo‘yish;
  • ko‘p import bo‘layotgan 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini o‘zimizda ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha 1,8 trln so‘mlik 2 mingta loyihani ishga tushirish;
  • bozorlardagi narx-navo o‘zgarishi va mahsulot kamayishini oldindan hisob-kitob qilish, oziq-ovqat inflyatsiyasini 10% chegarada qat’iy ushlab turish.

Avvalroq, “Spot” yig‘ilishda ta’kidlangan muhim topshiriq va vazifalarni bir joyga jamlagandi.