Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish, bahorgi ekin mavsumini samarali tashkil etish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

“Spot” yig‘ilishda ta’kidlangan muhim topshiriq va vazifalarni bir joyga jamladi.


Ayrim mahsulotlar xaridi uchun reyestrga kirgan aholiga QQS qaytariladi

Yil oxirigacha oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha import bojlaridan imtiyoz beriladi.

1-maydan ijtimoiy reyestrga kirgan aholiga mol, qo‘y va parranda go‘shti, tuxum va o‘simlik yog‘i xarid qilsa, qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytariladi.

Bu orqali 2 mlndan ortiq oilaga yengillik yaratilishi ta’kidlanmoqda.


Tadbirkorlarga $130 mln mablag‘ banklar ishtirokisiz ajratiladi

Oziq-ovqat yetishtirishni ko‘paytirish uchun shu yilda 6,2 trln so‘m yangi mexanizmlar asosida ajratiladi. Xususan:

qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan meva-sabzavotchilikning aylanma mablag‘lari uchun 700 mlrd so‘m;

aholiga berilgan yerlarda ko‘chat, urug‘, o‘g‘it va texnika yetkazib berish uchun jami 500 mlrd so‘m beriladi.

1-apreldan $130 mln mablag‘ banklar ishtirokisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbirkorlarga ajratiladi.

Bunda bank ustamasi bo‘lmasligi va tadbirkor bozorga qaraganda ancha arzon kredit olish imkoniga ega bo‘lishi ta’kidlangan.

Mazkur mablag‘lar mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va xarid qilish, texnika sotib olish uchun 10 yilgacha 14%dan ajratiladi.

Shu bilan birga, intensiv bog‘ va tokzorlar, logistika obyektlari tayyor qurilib, tadbirkorlarga lizingga beriladi.

Tadbirkor 20%ini oldindan to‘laydi, qolgan 80%ini 10 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘laydi.

Bunda tadbirkorlar o‘z loyihalarini Qishloq xo‘jaligi vazirligi elektron platformasi orqali taqdim qiladi hamda vazirlik loyihalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi moliyalashtiradi.


30 ming gektar yerda pilla klasterlari tashkil etiladi

Pillachilik va junchilik salohiyatidan kengroq foydalanish maqsadida Toshkent viloyatida 15 ming gektar, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida 10 ming gektardan, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Namangan, Navoiy, Sirdaryo, Farg‘onada 5 ming gektardan aholi yashash joylariga yaqin lalmi va yaylov maydonni o‘zlashtirib, pilla klasterlarini tashkil qilish zarurligi qayd etildi.

Bu yerlar Vetnam tajribasi asosida aholiga 1−2 gektardan ham tut, ham oziq-ovqat ekish uchun beriladi.

Shuningdek, Oltinsoy, Sho‘rchi, Konimex, Nurota, Muborak, G‘uzor, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Forish, Tuproqqal’a tumanlarida aholi yashash joylariga yaqin 10 ming gektardan lalmi va yaylov maydonda jun klasterlarini tashkil qilish topshirildi.

Avvalroq, tarmoq va sohalarda hamda hududlarda raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor o‘tkazilgandi.