O‘zbekiston Qatar bilan o‘zaro savdoni rivojlantirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqadi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu haqda vazir Laziz Kudratov hamda Qatarning Savdo va sanoat vaziri Muhammad al-Tani bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ta’kidlangan.

Shuningdek, tomonlar energetika, neft-kimyo, kimyo, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, turizm, IT va boshqa sohalardagi investitsiya loyihalari bo‘yicha Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishlab chiqishga kelishdi.

Ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish, Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlarni imzolashga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olindi.

Moliya vaziri Ali al-Kuvariy bilan suhbatda infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Markaziy bank Boshqaruvchisi — Qatar investitsiya agentligi raisi Abdulla al-Tani bilan Qatar va O‘zbekiston tijorat banklari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Energetika vaziri, Qatar Energetika kompaniyasi raisi Saad al-Kaabi bilan “Nebras Powe"r kompaniyasi bilan energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Qatar Savdo-sanoat palatasi raisi Xalifa al-Tani bilan uchrashuv doirasida qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, “Qatar National Cement”, “Baladna”, “Qatar Diar”, “Fitco Detergents”, “Katara Hospitality” kompaniyalari rahbarlari bilan ham muzokaralar o‘tkazildi.

Unda qurilish materiallari, maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, chorvachilik, mehmonxonalar, savdo-ko‘ngilochar va turar-joy majmualarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.


Avvalroq Tyumen O‘zbekiston bilan 42 mln rubllik shartnomalar imzolagani haqida xabar berilgandi.