O‘zbekistonda o‘tkazilgan “Innoprom. Central Asia” ko‘rgazmasi davomida Rossiyaning Tyumen viloyati kompaniyalari O‘zbekiston bilan 42 mln rubllik ($513 ming) shartnomalar imzoladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmatiga tayanib, “Kommersant” nashri xabar berdi.

Gubernator Aleksandr Murning qayd etishicha, mazkur kelishuvlar debriyaj disklari, mebel mahsulotlari va shirinliklar yetkazib berish bo‘yicha amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, Tyumen tomoni neft va gaz sanoatida band bo‘lgan o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlashga ham kelishib olgani ta’kidlanmoqda.

Viloyat rahbari Tyumen korxonalari uchun O‘zbekiston bozoriga qiziqish borligini, sababi mamlakat iqtisodiyoti rivojlanayotganini qayd etdi.

“Mamlakatlarimiz o‘zaro manfaatli ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirish uchun yaxshi salohiyatga ega va bizda uni amalga oshirish uchun barcha sharoitlar mavjud”, — deydi Aleksandr Mur.

2022-yilning noyabr oyida tyumenlik ishbilarmonlar O‘zbekistonda o‘z biznesini boshlash uchun Turkiya va Xitoy bilan raqobatlashayotgani haqida xabar berilgandi.

Xususan, viloyat tadbirkorlari O‘zbekiston tomoni bilan bir qator shartnomalar tuzib, turli sohalarda, jumladan, savdo sohasida hamkorlikning yangi imkoniyatlari o‘rganayotgani ma’lum bo‘ldi.


Avvalroq Saratov O‘zbekistonga gaz uskunalarini yetkazib berishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Bu bo‘yicha shartnoma tuzilgan.