Rossiyaning Saratov viloyati biznes missiyasi “Gazapparat” zavodi va O‘zbekistonning energetika kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Bu haqda Saratov Iqtisodiy rivojlanish vazirligi matbuot xizmatiga tayanib, “Kommersant” nashri xabar berdi.

Xususan, Saratov va o‘zbekistonlik tadbirkorlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, O‘zbekistinga gaz bosimi regulyatorlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan.

Xabarga ko‘ra, missiyada jami 17 ta kompaniya vakillari ishtirok etib, ular orasida sanoat va neft-gaz uskunalari, muhandislik tarmoqlarini tugatish uchun materiallar, qurilish va bo‘yoq materiallari, yuklarni tashish uchun konveyer tizimlari, gidravlika ishlab chiqaruvchilari bor.

Ishbilarmonlar missiyasi qandolat, makaron, yarim tayyor mahsulotlar, un va don mahsulotlari ishlab chiqaruvchi O‘zbekiston korxonalarida bo‘lgan.

Shuningdek, delegatlar po‘lat konstruksiya zavodi, mebel ishlab chiqarish, shuningdek, yo‘l qurilishi, kommunal va qishloq xo‘jaligi texnikasi yetkazib beruvchi korxonaga tashrif buyurishi keltirilgan.

“Saratovlik kompaniyalarning biznes missiyada ishtirok etishi „Kichik va o‘rta korxonalar“ va „Xalqaro hamkorlik va eksport“ milliy loyihalari sabab amalga oshirildi”, deyilgan vazirlik xabarida.


Avvalroq Rossiyaning “Rusal” kompaniyasi O‘zbekistonda avtodisklar ishlab chiqaruvchi zavod qurishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Kompaniya bu bo‘yicha yakuniy qarorga kelinmaganini hamda imkoniyatlar ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

“Tatneft” kompaniyasining esa Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilishda ishtirok etishi ta’kidlanmoqda.