Rossiyaning “Tatneft” kompaniyasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilishda ishtirok etishi mumkin. Bu haqda Energetika vazirligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Athamjon Ubaydullayevga tayanib “TASS” nashri xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, kompaniyaning mazkur zavodni modernizatsiya qilishdagi ehtimoliy ishtiroki bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Xususan, ayni paytda aniq takliflar tayyorlanmoqda.

Avvalroq, O‘zbekistonda uchta yoqilg‘i quyish shoxobchasiga ega bo‘lgan “Tatneft” bilan mamlakatdagi faoliyatini kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani haqida ta’kidlangandi.

Shuningdek, O‘zbekistondagi neft va gaz kompaniyalarining 30%dan ortig‘i Rossiya kapitali ishtirokida tashkil etilgani qayd etildi.

Yil boshida “Tatneft” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan AI-80-K-5 avtobenzinni import qilish bo‘yicha kelishuvga erishilib, “TANЕKO” zavodidan jami 50 ming tonna AI-80-K-5 rusumidagi avtobenzini yuklab berilgani haqida xabar berilgandi.

Undan keyin “O‘zbekneftgaz” kompaniyadan qo‘shimcha 50 ming tonna avtobenzin xarid qilishi ma’lum bo‘ldi.