2022-yilda 60 mingga yaqin o‘zbekistonlik xorijiy mamlakatlarga qonuniy ishga jo‘natilgan. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi e’lon qilgan videoda qayd etilgan.

2000-yilda migrantlar hisobidan O‘zbekistonga $790 mln pul o‘tkazmalari kelib tushgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022-yilda $8 mlrdni tashkil etgan.

Shuningdek, mamlakat mehnat bozoriga har yili 700 mingga yaqin yangi ishchi kuchi kirib kelmoqda.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayevning ma’lum qilishicha, xorijiy mamlakatlarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari va bepul huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish markazlari ochiladi.

Bu davlatlar qatorida Buyuk Britaniya, Germaniya, Isroil, Yaponiya va Saudiya Arabistoni bor.

Xorijdagi mehnat migrantlari uchun onlayn davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatlari yaratilib, ularning narxlari ichki tariflarga tenglashtirilishi ham qayd etildi.

Avvalroq O‘zbekistonda migrantlar uchun axborot markazi ochilishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi.

Ushbu markazning vazifasi Yevropa mamlakatlarida ishlash istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini tegishli axborot bilan ta’minlash hisoblanadi.