“Microsoft” yuzlab xodimlardan Xitoydan ko‘chib o‘tishni o‘ylab ko‘rishni so‘radi, deya xabar bermoqda “The Wall Street Journal” nashri.

Kompaniya ba’zi xodimlarga shunday takliflar qilganini tan oldi, ammo tafsilotlarni keltirmadi. Ma’lumotlariga ko‘ra, agar xodimlar ko‘chib o‘tishni istamasa, ular Xitoyda ishlashda davom etishlari mumkin.

Qayd etilishicha, kompaniya 700−800 nafar xodimni, jumladan, asosan Xitoy fuqarolarini AQSh, Irlandiya, Avstraliya va Yangi Zelandiya kabi mamlakatlarga ko‘chib o‘tishni ko‘rib chiqishga taklif qilgan.

Taklif AQSh va Xitoy o‘rtasida texnologiya raqobati kuchaygan bir paytda paydo bo‘ldi.

Shunday qilib, 2022-yilda AQSh hukumati Amerika kompaniyalari va fuqarolariga Amerika texnologiyalari yordamida yaratilgan yarimo‘tkazgichlarni eksport litsenziyasisiz Xitoyga sotishni taqiqlovchi yangi sanksiyalarni joriy qildi.

Qo‘shma Shtatlar hozirda Amerika kompaniyalaridan Xitoy tashkilotlariga o‘zlarining sun’iy intellekt chiplaridan foydalanish huquqini berish uchun litsenziya olishlarini talab qiladigan qoidalarni kuchaytirishni ko‘rib chiqmoqda.

Avvalroq “Microsoft"ning sun’iy intellekt va bulutli texnologiyalar sohasidagi ishlanmalarda ishtirok etayotgan Xitoy bo‘linmalari Amerika rasmiylari e’tiborini tortayotgani haqida xabar berilgan edi.

Ushbu bo‘linmalar kompaniyaning butun dunyoda qo‘llaniladigan mahsulotlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.


Avvalroq “Spot” “Microsoft” rossiyaliklar uchun “Windows” va “Office” yangilanishlariga kirishni ochgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, oldin bunday mahsulotlarni rus IP-manzillari bo‘lgan kompyuterlarga rasmiy ravishda yuklab olish mumkin emas edi.