“Microsoft” kompaniyasi qisqartirishlarning yangi to‘lqinini e’lon qildi, deya xabar bermoqda “GeekWire” nashri.

Nashrning qayd etishicha, qisqartirishlar “Microsoft” tomonidan 18-yanvarda e’lon qilingan 10 ming global ishdan bo‘shatishdan ham oshib ketadi.

Kompaniya “GeekWire” so‘roviga javoban ishdan bo‘shatishni tasdiqladi, ammo tafsilotlarni keltirmadi.

“Tashkiliy va kadrlar bilan bog‘liq o‘zgarishlar biznesimizni yuritishning zaruriy va muntazam qismidir. Biz kelajagimiz uchun strategik o‘sish sohalariga ustuvor ahamiyat berish va sarmoya kiritishda hamda mijozlarimiz va hamkorlarimizni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz”, — dedi “Microsoft” vakili.

“GeekWire” ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington shtati WARN (Ishchilarni sozlash va qayta tayyorlash bo’yicha bildirishnoma) hozirgacha 276 ishdan bo‘shatilganlar ro‘yxatini ko’rsatadi, ulardan 210 tasi kompaniyaning Redmond va Bellevue, Vashingtondagi ofislarida. Qolgan 66 ta qisqartirish masofadan turib ishlagan xodimlarga tegishli.

Yanvar oyida “Microsoft” global iqtisodiy pasayish sharoitida xodimlarini qisqartirishi mumkinligi aytilgandi.

Xabarga ko‘ra, 220 mingdan ortiq xodimning taxminan 10−11 ming nafari qisqartirilishi ko‘rib chiqilgan.

Nashrning yozishicha, bu 2023-yil 24-yanvarga rejalashtirilgan investorlar uchun hisobotdan oldin sodir bo‘ladi.

“Ishdan bo‘shatish muhandislik guruhlariga ta’sir qilishi mumkin”, deb yozadi “Bloomberg” manbalarga tayanib.

2022-yil may oyida “Microsoft” ishga qabul qilish tezligini sekinlashtirayotganini, iyul oyida esa xodimlarning 1%dan kamini ishdan bo‘shatishini ma’lum qildi.

Avgust oyida kompaniya xodimlari, treninglar va korporativ tadbirlarga sarflanadigan xarajatlarni qisqartirishga chaqirgani haqida xabar berilgandi.

“Insider” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, yangi mutaxassislar uchun takliflar bo‘yicha maoshlar 30%ga qisqartirilgan. Oktabr oyida nashrlar yana 1000 kishini ishdan bo’shatish haqida yozgan edi.

Yanvar oyida bosh direktor Satya Nadella texnologiya sanoati ikki yillik qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida ogohlantirdi.

Uning ta’kidlashicha, “Microsoft” ham global zarbalardan himoyalanmaganligini hamda boshqa texnologiya firmalari kabi samarali bo‘lishi kerak.


Avvalroq “Spot” “Volvo” kompaniyasi 1,3 ming xodimini ishdan bo‘shatishi haqida yozgandi.

Xodimlarini ishdan bo‘shatayotgan boshqa kompaniyalar haqida batafsil.