Shvetsiyaning “Volvo” kompaniyasi 1,3 ming xodimini ishdan bo‘shatadi, deya xabar bermoqda “Reuters” nashri.
Qayd etilishicha kompaniya xarajatlarni kamaytirish maqsadida xodimlari qisqartiradi va bu xodimlar shtatining 6%ini tashkil etadi.
Kompaniya bosh direktori Jim Roueninning ma’lum qilishicha, ishdan bo‘shatish birinchi navbatda ofis xodimlariga ta’sir qiladi.
“Iqtisodiy omillar, tovarlar narxining oshishi va raqobatning kuchayishi bizning sanoatimiz uchun bir qancha vaqt muammo bo‘lib qolishi mumkin”, — dedi u.
O‘zgaruvchan bozor sharoitlari tufayli “Volvo” samaradorlikni oshirish dasturini yaratdi, ammo ular yetarli bo‘lmadi.
“Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 1100 nafar xodimni ishdan bo‘shatish to‘g‘risida xabarnoma chiqargan.
Qolgan 200 nafar ishchini ishdan bo‘shatish yoki bo‘shatmaslikka kompaniya butun Shvetsiya bo‘ylab biznes holatini tahlil qilgandan so‘ng qaror qiladi.
2022-yil iyul oyida “Volvo” Rossiyada xodimlarni qisqartirish haqida e’lon qildi. Kompaniya Kaluga zavodida yuk mashinalarini ishlab chiqargan, ammo Yevropa sanksiyalari tufayli u ishlamay qolgandi.
Xorijiy yirik kompaniyalar pandemiya davrida xodimlarni kengaytirdilar, ammo reklama daromadlari pasayib borayotgani va noaniq iqtisodiy ko‘rinish sharoitida ular xodimlarini qisqartirishga majbur bo‘lishmoqda.
Ford
Amerikaning “Ford” avtokonserni elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tishi munosabati bilan yaqin uch yil ichida Yevropadagi 3,8 ming xodimini qisqartiradi, deya xabar bermoqda “CNBC”.
"Ford" 2035 yilga borib o‘z parkini to‘liq elektr bilan ta’minlashni va 2023-yilda Yevropada birinchi elektr yo‘lovchi avtomobilini ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda.
Hozirda kompaniyaning Yevropada 34 ming xodimi bor, ularning yarmi Germaniyada va 6500 nafari Buyuk Britaniyada ishlaydi.
Rejaga ko‘ra, Germaniyada 2,3 ming kishi, Buyuk Britaniyada 1,3 ming kishi, mintaqaning boshqa mamlakatlarida yana 200 nafar xodim ishdan bo‘shatiladi.
Yahoo
“Yahoo” kompaniyasi o’zining AdTech bo’linmasini keng miqyosda qayta qurishni va bir yil ichida 50%dan ortiq xodimlarini ishdan bo‘shatishini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, bu butun kompaniya xodimlarining 20%ini yoki 1600 dan ortiq kishini tashkil etadi.
“Yahoo” bosh direktori Jim Lanzon qisqartirishlar moliyaviy qiyinchiliklar bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi.
Zoom
“Zoom” videoqo‘ng‘iroqlar xizmati 1300 nafar xodimni yoki shtatning qariyb 15%ini ishdan bo‘shatadi. Bu haqda kompaniya asoschisi va bosh direktori Erik Yuan ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror jahon iqtisodiyotidagi noaniqlik bilan bog‘liq. Koronavirus pandemiyasi tufayli kompaniya xodimlari sonini ko‘paytirishni boshladi, natijada so‘nggi ikki yil ichida xodimlar soni uch baravar oshgan.
“Mahsulotni yaxshilash uchun tinimsiz mehnat qildik, ammo xatolardan qochmadik. Men bosh direktor va asoschi sifatida ular va bugungi qaror uchun javobgarman”, — dedi Erik Yuan
AQShda to‘liq ishlagan ishdan bo‘shatilganlar xuddi shu davr uchun 16 haftalik tibbiy sug‘urta uchun maosh, 2023- yilda ishlagan kunlar uchun yillik bonuslar va ish topishda yordam oladilar. Qolganlarga mamlakatga qarab kichik farqlar bilan o‘xshash paket taqdim etiladi.
PayPal
“PayPal” xalqaro to‘lov tizimi 2 ming nafar xodimni ishdan bo‘shatishni rejalashtirmoqda, bu esa uning umumiy ishchi kuchining 7%ini tashkil qiladi. Bu haqda “PayPal” prezidenti va bosh direktori Den Shulman kompaniya veb-saytida e’lon qildi.
Amazon
“Amazon” kompaniyasi 2002-yil noyabr oyida 10 mingga yaqin xodimni ishdan bo‘shatishni reja qilgan bo‘lsa, 2023-yil yanvariga kelib kompaniya 18 ming xodimni qisqartirishga qaror qilgan.
Bu haqda kompaniya bosh direktori Endi Jessi ma’lum qilgan.
U ishdan bo‘shatilganlarning barchasiga ishdan bo‘shatish nafaqasi va ishga joylashishda yordam berilishiga va’da berdi.
2022-yilda “Amazon"ning o‘sishi so‘nggi yigirma yildagi eng sekin bo‘ldi.
Kompaniyaning xarajatlari keskin oshdi, shu bilan birga iste’molchilarning xarid qilish odatlarining o‘zgarishi va inflyatsiyaning o‘sishi uning savdosini pasaytirdi.
O‘tgan yilning noyabr oyida “Amazon” aksiyalari koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri eng past darajaga tushib ketdi.
Meta
“Meta” kompaniyasi 2022-yil noyabr oyida xodimlarini ommaviy ishdan bo‘shatishni boshlamoqchi ekanligi haqida ma’lum qildi.
Korporatsiyada jami 87 mingdan ortiq kishi ishlaydi. Nashr qancha xodim ishdan bo‘shatilishiga aniqlik kiritmagandi.
Xabarga ko‘ra, kompaniya ishchilardan bu haftadan boshlab zarur bo‘lmagan sayohatlarni bekor qilishni so‘ragan.
Ilon Mask “Twitter"ni sotib olgan taqdirda xodimlarni deyarli 75%ga qisqartirishni rejalashtirayotgani haqidaxabar berilgandi.
U investorlarga 7,5 ming xodimning deyarli 75%ini ishdan boʻshatib, xodimlarni 2 minggacha qisqartirmoqchi ekanligini aytgan.
Oktabr oyi oxirida “Twitter"ning yangi egasi Ilon Mask besh nafar top-menejerni, jumladan, bosh direktor va moliya direktorini ishdan bo‘shatgandi.
Shuningdek, noyabr oyi boshida kompaniya to‘liq shtatli xodimlarining 50%ini ishdan bo‘shatdi.
Keyinchalik Mask “Twitter” xodimlariga masofaviy ishlashni taqiqladi.
Mazkur taqiqdan keyin xodimlar endi haftasiga kamida 40 soat vaqtini ofisda o‘tkazishlari kerak bo‘ladi.
12-noyabr kuni esa “Twitter” 5500 ta pudratchidan 4400 tasini ishdan bo‘shatdi.
Xabarga ko‘ra, qisqartirilgan frilanserlar moderatsiya va aloqa bilan shug‘ullanishgan.
Ko‘pchilik pudratchilar ishdan bo‘shatilganini faqat korporativ pochta va messenjerga kira olmaganlarida bilishgan.
2023-yil yanvar oyi boshida “Twitter” butun dunyo bo‘ylab kontentni moderatsiya qilish, shuningdek, ijtimoiy tarmoqdagi nafrat so‘zlari va ta’qiblarga qarshi kurashish uchun mas’ul bo‘lgan ayrim xodimlarni qisqartirdi.
Xabarga ko‘ra, kompaniyaning Dublin va Singapurdagi ofislarida kamida o‘n kishi ishsiz qolgan.
Ishini yo‘qotganlar orasida “Twitter"ning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha yaxlitligi rahbari Nur Azhar Bin Ayob va daromad siyosati bo‘yicha katta direktori Analuisa Dominges bor.
Microsoft
“Microsoft” global iqtisodiy pasayish sharoitida xodimlarini qisqartirishi mumkinligi xabar berilgandi.
Xabarga ko‘ra, 220 mingdan ortiq xodimning taxminan 10−11 ming nafari qisqartirilishi ko‘rib chiqilayotgani aytilmoqda.
“Sky News” nashri bu haqda 2023-yil 24-yanvarga rejalashtirilgan investorlar uchun hisobot yig‘ilishida ma’lum qilinishi rejaq ilingani haqida yozgandi.
20-yanvar kuni “Google” kompaniyasi 12 mingga yaqin xodimini ishdan boʻshatishi haqida ma’lum qildi.
Bu haqda kompaniya bosh direktori Sundar Pichai xabar berdi.
O‘z maktubida u bu qarordan chuqur afsusdaligini va kompaniyaning bunga olib kelgan barcha qadamlari uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini bildirdi.
Qayd etilishicha, kompaniya barcha bo‘linmalaridagi xodimlarni, jumladan, muhandis va menejerlarni ishdan bo‘shatishni rejalashtirmoqda. Bu xodimlar umumiy sonining 6%ini tashkil qiladi.
Walt Disney
“The Walt Disney” kompaniyasi 7 ming nafar xodimini ishdan bo‘shatadi. Bu haqda “Reuter” nashri kompaniya bosh direktori Bob Iger xodimlarga xatga tayanib xabar bermoqda.
Kompaniya bosh direktorining ta’kidlashicha, “Disney” keyingi to‘rt kun ichida birinchi xodimlar guruhini xabardor qilishni boshlaydi.
Aprel oyida bir necha ming xodimni ishdan bo‘shatishning ikkinchi, kattaroq to‘lqini kutilmoqda. Xodimlarni qisqartirish bo‘yicha butun jarayon 2023-yilning yozigacha yakunlanadi.
Qayd etilishicha, kompaniyaning xodimlarini ommaviy ishdan bo‘shatishi $5,5 mlrd.lik xarajatlarni qisqartirishning bir qismi hisoblanadi.