Avvalroq Ilon Mask “Twitter"ning 75% xodimini ishdan boʻshatmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.

Endilikda Mask kompaniyaning barcha xodimlariga masofadan ishlash bekor qilingani haqida xat yubordi, deya xabar berdi “The Verge” nashri.

Masofadan ishlashni taqiqlash xat olinganidan so‘ng darhol kuchga kiradi va endi xodimlar haftasiga kamida 40 soat vaqtini ofisda o‘tkazishlari kerak bo‘ladi.

Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoq xodimlarining chorak qismi masofadan turib ishlaydi.

Nashrga ko‘ra, muayyan holatlardagina masofadan ishlashga shaxsan Mask tomonidan ruxsat beriladi.

“Twitter” rahbari o‘z maktubida xodimlardan og‘ir kunlarga tayyorgarlik ko‘rishni va kompaniya iqtisodiyotdagi sekinlashuv sharoitida ba’zi qiyinchiliklarga duch kelishini ta’kidlagan.

Shuningdek, Mask AQShdagi zaif iqtisodiy muhit kompaniyaning reklama biznesi uchun qiyinchilik tugdirishidan ogohlantirgan.

“Ochig‘ini aytganda, kelajakdagi iqtisodiy manzara, ayniqsa, og‘ir iqtisodiy sharoitda reklamaga juda bog‘liq bo‘lgan biznikiga o‘xshagan kompaniya uchun bu daxshatli”, — deb yozadi u.

Jori yil iyun oyida Mask “Tesla” kompaniyasi xodimlariga masofadan turib ishlashni taqiqlagandi.

“The Verge” nashri Ilonning “Twitter” xodimlari bilan birinchi uchrashuvida masofadan turib ishlashga ruxsat bergani haqida eslatib o‘tgan.