400 ta o‘zbekistonlik har yili Yaponiyaga ishga joylashtiriladi. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar berdi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Yaponiyaning “Glosal Partner Cooperative”, “Japan Reigi Sahou” va “Muroo” kompaniyalari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda yapon kompaniyalari mehmonxona, hamshiralik ishi, turar va noturar binolarni ta’mirlash, qurilish, avtomobillarni ta’mirlash, qishloq xo‘jaligi va qariyalarni parvarishlash kabi sohalarda o‘zbekistonliklarni ishga joylashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Muzokaralar natijasida kompaniyalar bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Bundan tashqari, yiliga jami 400 ta o‘zbekistonlik fuqarolarni Yaponiyaga ishga joylashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

“Muroo” kompaniyasi bilan o‘tkazilgan muzokaralarda o‘zbekistonlik ishchilarni mazkur kompaniyada va u bilan hamkorlik qiladigan kompaniyalarda ishga joylashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Kompaniya yapon tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan O‘zbekiston OTMlarida bakalavriatning oxirgi bosqichlarida o‘qiyotgan talabalarni o‘qishni bitirgungacha tayyorlab, “yuqori malakali ishchi” toifasida Yaponiyada ishga qabul qilish rejalashtirgan.

Bu borada yapon kompaniyasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va OTM o‘rtasida uch tomonlama shartnoma asosida ishlarni tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Natijada, yiliga 100 ga yaqin o‘zbekistonliklar Yaponiyada ish bilan ta’minlanishi ta’kidlangan.

31-iyul kuni prezident Vengriya, Ozarbayjon va Yaponiya bilan investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Uchta mamlakat bilan sheriklikdagi loyihalar natijasida 8 mingdan ortiq yangi ish o‘rni, qariyb $1,7 mlrdlik eksport imkoniyati yaratilishi nazarda tutilgan.

Davlat rahbari loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, bu borada mas’ullar va investitsiya menejerlari ishini jonlantirish zarurligini ta’kidladi.

Ikki tomonlama muloqotlar, jumladan, ishbilarmon doiralarning o‘zaro tashriflarini tashkil etish orqali yangi loyihalar bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Sanoat, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, xizmatlar, ta’lim va innovatsiyalar hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Avvalroq JICA kompaniyasi bilan “Yaponiyada bandlik imkoniyatlaridan foydalangan holda O‘zbekistonning sanoat sohasida kadrlar salohiyatini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolangandi.

Mazkur loyiha 3 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, unga ko‘ra, mamlakatga ishchi kuni jalb etishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Yaponiyada qishloq xo‘jaligi, keksalarni parvarishlash, mehmonxona xo‘jaligi, umumiy ovqatlanish sohalarida ishlash tartib qoidalari to‘g‘risida ma’lumotlarni aks ettiruvchi veb-portal joriy etiladi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va 4 ta yapon rekruting kompaniyalari o‘rtasida o‘zbekistonliklarni Yaponiya korxonalariga ishga jalb etish bo‘yicha hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Shuningdek, 2025-yilgacha Yaponiyaga 30 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mehnat migrantlari yuborilishi belgilangan.