O‘zbekiston va Yaponiya mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni davom ettiradi, deya xabar berdi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi delegatsiya Yaponiyaning JICA kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

Unda mamlakatda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun yapon tili o‘quv kurslarini keskin oshirish ehtiyojidan kelib chiqib, yapon tili mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish hamda o‘qitish jarayonlarini yangi o‘quv uslublarida olib borish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida JICA bilan “Yaponiyada bandlik imkoniyatlaridan foydalangan holda O‘zbekistonning sanoat sohasida kadrlar salohiyatini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolandi.

Mazkur loyiha 3 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, unga ko‘ra, mamlakatga ishchi kuni jalb etishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Xususan, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining barcha toifalari, xususan, quyidagilarga Yaponiyada ishga joylashishlarida ko‘maklashiladi:

  • yuqori malakali mutaxassis (HSP);
  • muhandis/gumanitar fanlar/xalqaro xizmatlar (ESI);
  • talaba;
  • malakali sanoat ishchisi (SSV);
  • texnik stajor (TIT).

Bundan tashqari, Yaponiyada qishloq xo‘jaligi, keksalarni parvarishlash, mehmonxona xo‘jaligi, umumiy ovqatlanish sohalarida ishlash tartib qoidalari to‘g‘risida ma’lumotlarni aks ettiruvchi veb-portal joriy etiladi.

Unda mamlakatdagi potensial ish beruvchilar uchun O‘zbekistonning mehnat salohiyati, fuqarolarni mehnat migratsiyasiga tashkiliy, qonuniy va xavfsiz jo‘natish uchun yaratilgan tizim haqida ma’lumotlar joylashtiriladi.

Shuningdek, loyiha doirasida yapon tili va kasbga o‘qitish kurslarini yangi uslubiy qo‘llanmalar bilan jihozlashga ko‘maklashiladi.

Avvalroq, Yaponiyada o‘tkazilgan forum doirasida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va 4 ta yapon rekruting kompaniyalari o‘rtasida o‘zbekistonliklarni Yaponiya korxonalariga ishga jalb etish bo‘yicha hamkorlik memorandumlari imzolangandi.

Bundan tashqari, yaponiyalik ish beruvchilar o‘zbekistonlik IT-mutaxassislarni ishga jalb qilish niyatida. Yaponiya tomoni mamlakatda IT-sohasida ishchi kuchi yetishmasligini ta’kidlab, O‘zbekistondan mutaxassislarni jalb qilishni, buning uchun esa sohani mukammal o‘rgatishni yo‘lga qo‘yosh istagini bildirdi.

Xususan, O‘zbekistonda yaponiyalik soha vakillari yordamida mutaxassislarni o‘qitish hamda yapon tili kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.