Yaponiyalik ish beruvchilar o‘zbekistonlik IT-mutaxassislarni ishga jalb qilish niyatida. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha agentlik hamda Yaponiyaning “CAL Co.Ltd” va “Center of the International Cooperation for Computerization” kompaniyalari rahbariyati o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Yaponiya tomoni mamlakatda IT-sohasida ishchi kuchi yetishmasligini ta’kidlab, O‘zbekistondan mutaxassislarni jalb qilishni, buning uchun esa sohani mukammal o‘rgatishni yo‘lga qo‘yosh istagini bildirdi.

Xususan, O‘zbekistonda yaponiyalik soha vakillari yordamida mutaxassislarni o‘qitish hamda yapon tili kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur kompaniyalar ayni paytda Koreya va Mo‘g‘ulistonda IT-maktablarini ochib, shu kunga qadar 300 ga yaqin mutaxassisni tayyorlab, o‘z kompaniyasiga ishga joylashtirgan.

Avvalroq o‘zbekistonlik yoshlar kadrlar almashinuvi bo‘yicha Yaponiyaga jalb qilinishi ma’lum bo‘lgandi.

Bu bo‘yicha umumiy qiymati $2,2 mln bo‘lgan shartnoma imzolanib, 2024-yilda vazirlik va idoralar vakillariga magistratura va doktoranturada o‘qish imkoni beriladi.

2022-yili Yaponiyada ishlash istagida bo‘lganlar uchun yapon tili kurslari tashkil etilgandi.