Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Yaponiyada ishlash istagida bo‘lgan 30−50 yosh oralig‘idagi fuqarolarni yapon tili kurslariga taklif qilmoqda.

Mazkur kurslar Toshkent shahri va viloyatidagi “Ishga marhamat” monomarkazida tashkil etilgan.

Unda nomzodlar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari yo‘llanmasi asosida bepul o‘qishi mumkin.

Darslar malakali mutaxassislar tomonidan olib boriladi va 6 oy davom etadi.

Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan fuqarolarga N4 darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritishga ko‘maklashiladi.

O‘qishni yakunlab, yapon tilini kerakli darajada o‘zlashtirganlar Tashqi mehnat migratsiyasi tomonidan tanlov asosida Yaponiyaga ishga yuboriladi.

Xususan, ular quyidagi yo‘nalishlarda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi:

  • qishloq xo‘jaligi;
  • qariyalarni parvarishlash;
  • ishlab chiqarish;
  • xizmat ko‘rsatish.

Yaponiyada sertifikat bilan ishlash

Iyul oyida Yaponiya-O‘zbekiston o‘rtasida mamlakatga 30 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mehnat migrantlari yuborilishi haqida shartnoma imzolangandi.

Buning uchun maxsus malaka sertifikati talab etilib, u ishlash maqomini va ishchi rezidentligini beruvchi muhim hujjat hisoblanadi.

Ushbu sertifikatni olish uchun fuqaro yapon tilidan A2 yoki N4 darajasi va kasb ko‘nikmasiga ega bo‘lishi kerak.

Joriy yilning mart oyiga qadar ushbu sertifikat testlarini topshirish uchun fuqaro boshqa mamlakatga borishi kerak edi.

Yaponiya hukumati bilan tuzilgan kelishuvga ko‘ra, endilikda testlar Toshkent shahrida amalga oshirilmoqda.