Biznes-rejalar turli xil bo‘ladi: ba’zilari tadbirkorning o‘zi uchun, boshqalari investorlar, yana biri esa bankdan kredit yoki subsidiya olish uchun tuziladi. Biznes-reja oddiy yoki batafsil tuzilgan bo‘lib, bir necha o‘nlab sahifalardan iborat bo‘lishi mumkin.

Internetda ko‘plab bepul tayyor hujjatlarni topish mumkin, ammo ulardan asosan shablon yoki biznesning notanish sohasini o‘rganish uchun foydalanish mumkin.

“Yaran Consulting” buxgalterlik kompaniyasi hammuassisi Yevgeniya Son “Spot"ga ichki foydalanish uchun biznes-rejani mustaqil ravishda qanday tuzish, bunda nimalarga e’tibor berish va u qaysi bo‘limlardan iborat bo‘lishi kerakligi haqida so‘zlab berdi.


biznes reja, tadbirkorlik, yevgeniya son

Yevgeniya Son,

auditor, “Yaran Consulting” buxgalterlik kompaniyasi hammuassisi.

Biznes-reja nafaqat biznesni tushunishga va o‘ylab topishga yordam beradi, balki tizimli tarzda harakat qilish va fikrlashga undaydi.

Biznes-reja yo‘qligi sababli tadbirkorlar ko‘pincha bir vaqtning o‘zida bir nechta narsalarni o‘z zimmalariga oladilar va izchil harakat qilmaydilar.

Natijada yuzta kompaniyadan faqat bittasi o‘zining birinchi yilida omon qoladi.

Biznes-rejada nima albatta bo‘lishi kerak:

  • mahsulot tavsifi va biznes modeli;
  • bozor va raqobatchilar tahlili;
  • mijozlarni tahlil qilish, maqsadli auditoriya;
  • targ‘ib va sotish rejasi;
  • xodimlar;
  • moliyaviy reja;
  • tashkiliy ish rejasi.

Mahsulot tavsifi va biznes modeli

Ushbu qismda siz ishlab chiqarishni rejalashtirgan mahsulot yoki xizmatni iloji boricha batafsil tavsiflashingiz kerak. Asosiy, o‘ziga xosliklarni tavsiflash tavsiya etiladi: tarkibi, o‘rami va boshqalar. Shuningdek, biznes modelining o‘zi, ya’ni siz mahsulotni qanday ishlab chiqarasiz va undan daromad ko‘rishingizni tavsiflashingiz kerak.

Misol uchun, agar men buxgalter bo‘lsam, bir necha usulda pul ishlashim mumkin:

  • boshqa kompaniyalar uchun buxgalteriya xizmatlarini ko‘rsatish;
  • buxgalteriya hisobini o‘rgatish;
  • soliq masalalari bo‘yicha buxgalterlarga maslahat berish.

Ushbu faoliyat turlarining har biri butunlay boshqacha maqsadli auditoriyaga, sotish usullari va xodimlarni talab qiladi.

Va agar aniq nima qilish kerakligi haqida shubha bo‘lsa, har bir faoliyat turi uchun biznes-rejani tuzish mumkin.

Bozor va raqobatchilar tahlili

Avvalo, mahsulotingiz uchun bozor, raqobatchilar bor-yo‘qligini, odamlar sizning mahsulotingizni sizning narxingiz bo‘yicha sotib olishga tayyor yoki yo‘qligini tahlil qilish kerak.

Ba’zida tadbirkorlikka endi kirib kelayotganlar mahsulotning o‘xshashlari, raqobatchilar yo‘qligini aniqlashlari mumkin.

Ammo bu ham tashvishli signaldir: ehtimol mahsulot bozorga kerak emasdir. Va agar mahsulot bozorda yangi bo‘lsa, kelajakdagi mijozlarni mahsulot bilan tanishtirish uchun marketing xarajatlariga ko‘proq pul sarflash kerak bo‘ladi.

Ikkinchidan, raqobatchilaringiz bilan tanishing: ular kim, biznes modeli qanday, ularning “fishkasi” nimada va siz ulardan qanday yoki nima bilan farq qilasiz. Ehtimol, bu yetkazib berish, buyurtma berish uchun qulay dastur, maxsus xizmat va boshqalardir.

Mijozlarni tahlil qilish va maqsadli auditoriya

Ushbu bo‘limda siz kimning muammosini hal qilayotganingiz va ular sizga haq to‘lay olishini tushunishingiz kerak.

Keling, misolimizni olaylik: biz buxgalteriya hisobi bo‘yicha kurslarni ochdik. Maqsadli auditoriyani ko‘rib chiqish mumkin, ular — kasb bo‘yicha asosiy bilimlarni olishni xohlaydigan talabalar, maktab va kollej bitiruvchilari. Bu unchalik to‘lov qobiliyatiga ega auditoriya emas, lekin ular juda ko‘p.

Yoki maqsadli auditoriya sifatida moliyaviy hisobot haqida ko‘proq tushunishi kerak bo‘lgan rahbarlarni ko‘rib chiqish mumkin. Bu auditoriya ancha to‘lov qobiliyatiga ega.

Ikkala holatda ham mutlaqo boshqa kurslar bo‘ladi: turli xil materiallar taqdimoti, turli darajadagi o‘qituvchilar, turli marketing strategiyalari.

Targ‘ib va sotuv rejasi

Loyihani yoyish rejasini tuzish bosqichida siz nima qilish, undan qanday pul ishlash va mijozlaringiz kimligini tushunasiz.

Shuni hisobga olib, siz reklamani qayerga joylashtirishingiz, u shakl va mazmunan qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘ylab chiqasiz.

Keling, o‘zimizni misol qilib olaylik: maqsadli auditoriyamiz talabalar bo‘lsa, jamoat transportida reklama joylashtirishimiz mumkin, va’damiz esa kasb-hunar egallash bo‘ladi.

Agar auditoriya rahbarlardan iborat bo‘lsa, unda biz biznes markazlari va biznes-klublarda faolroq bo‘lamiz va bizning va’damiz — puxta o‘ylangan boshqaruv qarorlari orqali daromadni oshirishdir.

Ushbu bo‘limda qachon va qancha mijozlarni jalb qilish mumkinligini rejalashtirish ham juda muhimdir. Savdo rejasi nafaqat tartiblaydi, balki moliyaviy rejalashtirish bo‘limida hisob-kitoblarni amalga oshirish imkonini beradi.

Xodimlar

Xodimlar qismida quyidagilar haqida o‘ylash kerak:

  • sizga aynan kim kerak: lavozimlar, ish vazifalari, malaka darajasi;
  • kim doimiy asosda ishlaydi va kerak bo‘lganda kimni jalb qilasiz yoki ishning bir qismini autsorsga topshirasiz;
  • ish haqi, soliqlar, ish joylarini tartibga solish xarajatlari.

Agar siz sheriklar bilan biznes boshlayotgan bo‘lsangiz, unda mas’uliyatni o‘zaro taqsimlash muhimdir: kim qaysi sohalar uchun javobgar, kutilgan natijalar va ish uchun to‘lov.

Moliyaviy reja

Har bir bosqichda siz investitsiya qilishni rejalashtirgan miqdorlar haqida ma’lumot to‘plash kerak.

Keling, misolimizni olaylik: biz biznes modeli — o‘quv markazi haqida qaror qabul qilganimizda hisob-kitob qilishimiz kerak:

  • bino, mebel, jihozlarni sotib olamizmi yoki ijaraga olamizmi;
  • bizga qanday tarqatma materiallar kerak va ular qancha turadi.

Barcha ma’lumotlar to‘plangandan so‘ng, biz bir nechta hisob-kitoblarni amalga oshirishimiz kerak:

  • kurs, soat, konsultatsiya, mahsulot narxini hisoblash — bizga narxlarni belgilashda yordam beradi;
  • moliyaviy natijalar rejasi — biz birinchi foydani qachon kutayotganimizni ko‘rsatadi;
  • pul oqimi rejasi — oylar va haftalar kesimida bizga qancha pul kerakligini ko‘rsatadi.

Tashkiliy ish rejasi

Ushbu bosqichda siz barcha kerakli ma’lumotlarni to‘pladingiz, biznesingiz qanday va qayerga rivojlanishini, loyihaga qancha pul sarmoya qilish kerakligini tushunasiz.

Va bu, ehtimol, eng qiyin va qiziqarli bosqich, chunki siz tadqiqotdan harakatga o‘tasiz.

Tashkiliy ish rejasi har bir kun, oy, chorak va yil uchun bosqichma-bosqich rejadir — biznesingizni boshlash va rivojlantirish uchun siz qiladigan hamma narsa.

Biznes-rejaga ega bo‘lish biznesning muvaffaqiyatini kafolatlamaydi, lekin u, albatta, omon qolish imkoniyatini bir necha o‘nlab marta oshiradi.