Endilikda O‘zbekistonda qoidabuzarliklarni aniqlovchi maxsus qurilmalar haydovchilarning avtomobillarni boshqarishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalarini buzishi kabi holatlarni aniqlaydi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

“Yo‘l harakati xavfsizligi” qoidalarining quyidagi bandlarida bu bo‘yicha:

  • 9-bandida — konstruksiyasida xavfsizlik kamarlari nazarda tutilgan transport vositasini boshqarayotgan haydovchi harakatni boshlashdan oldin xavfsizlik kamarini taqib olishi;
  • 11-bandida — yo‘lovchilarga xavfsizlik kamarlarini taqishlari haqida ogohlantirishi;
  • 23-bandida — xavfsizlik kamarlari bilan jihozlangan transport vositalarida harakatlanishdan oldin ularni taqib olishi shartligi qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi 1-qismi bilan mazkur qoidalarga amal qilmaslik BHMning 50%i (165 ming so‘m) midqorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Kimlar xavfsizlik kamarini taqmasliklari mumkin?

Quyidagilarga xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladi:

  • avtomobilning orqa o‘rindig‘idagi 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar;
  • o‘quv-mashq transport vositasini o‘quvchi boshqarayotgan vaqtda avtomototransport vositasini yoki shahar elektr transportini boshqarishni o‘rgatuvchi amaliy mashg‘ulotlar instruktori;
  • homilador ayollar, salomatligi xavfsizlik kamari taqish imkonini bermaydigan bemorlar (Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan kasalliklar ro‘yxatiga muvofiq va ushbu kasalliklar bilan kasallanganligi bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma mavjud bo‘lganda);
  • xizmat vazifasini bajarayotgan xodimga biriktirilgan ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqchasi bilan jihozlangan hamda maxsus rangli bo‘yoq sxemalar va yozuvlar bilan belgilangan transport vositalari haydovchisi va yo‘lovchilari.

Bundan tashqari, mototsikl va mopedda harakatlanayotgan haydovchi va yo‘lovchilar maxsus motoshlem kiyishlari va uni qadab olishlari shart.

Prezidentning 2022-yilning fevral oyida qabul qilingan tegishli qarori bilan, Toshkent shahrida mavjud barcha chorrahalarni yo‘l harakatini boshqarishning avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga integratsiya qilish belgilangan.