O‘zbekiston ilk marta London fond birjasida milliy valyutada “yashil” maqomiga ega suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘mda chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalar MDH davlatlari ichida ilk yashil suveren obligatsiyalar hisoblanib, 4,25 trln so‘mni tashkil etadi. Bundan tashqari, birjada $660 mln miqdoridagi xalqaro obligatsiyalar ham joylashtirilgan.

Yashil obligatsiyalar bo‘yicha kelib tushadigan mablag‘lar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, temir yo‘l va metro transportini rivojlantirish, sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni ta’minlash, shamol eroziyasiga va suv xo‘jaligi obyektlarining qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlari barpo etish kabi yashil loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Bunda loyihalarni tanlab olish jarayoniga BMTning rivojlanish dasturi jalb qilingan. Yashil obligatsiyalar dasturi bo‘yicha “Sustainalytics” tomonidan ikkinchi taraf ijobiy xulosasi olingan.

O‘zbekistonning milliy valyutadagi “yashil” obligatsiyalariga bo‘lgan yuqori talab inobatga olinib, 3 yillik so‘mdagi xalqaro obligatsiyalarning foiz stavkalarini (kupon to‘lovi) kutilgan 18%dan 16,25%ga tushirishga erishilgan. Mazkur tranzaksiya bilan so‘ndirish muddati joriy yilning 23-noyabr kuni bo‘lgan 1,9 trln so‘m miqdoridagi xalqaro obligatsiyalar muddatidan oldin so‘ndirildi.

Ichki moliya bozorlarida so‘nggi o‘tkazilgan auksionda (26-sentabr) 2 yillik davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha foiz stavkalari 17,57%ni tashkil qilgan.

Ikkilamchi bozor kotirovkalari hamda investorlar takliflaridan kelib chiqib, AQSh dollaridagi O‘zbekistonning 5 yillik suveren xalqaro obligatsiyalari uchun dastlabki foiz stavkasi 8,50−8,625% oralig‘ida e’lon qilindi.

Shuninigdek, ikkilamchi bozorda O‘zbekistonning 2029-yilda so‘ndiriladigan xalqaro obligatsiyalari foiz stavkasi 8,1%ga yetgan. Xususan, so‘nggi bir haftada (27-sentabr — 7,67%) foiz stavkalari 0,43%ga oshgan.

Buyurtmalar kitobi $1,7 mlrdga yetganda, foiz stavkalarni 8,25−8,375%ga tushirishga erishilgan. Yakuniy talab $2 mlrdga yetgach, $660 mln miqdoridagi obligatsiyalar 8,125% stavkada hamda 7,85% kuponda chiqarildi.

Mazkur kupon stavkasi moliyaviy maslahatchilar tomonidan tavsiya etilib, xalqaro obligatsiyalarni investorlarga 98,888% narxda sotilishini anglatadi, ya’ni, mazkur tranzaksiyadan $652,6 mln mablag‘ kelib tushadi.


Avvalroq “Toshkent” fond birjasi boshqaruvi raisi Georgiy Paresishvili so‘nggi yillarda O‘zbekiston fond bozoridagi muammolar haqida so‘zlab bergandi.