Vladimir Putin Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi temir yo‘l tashuvlari hajmi oshirilishini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “TASS” nashri muzokaralar yakunlari bo‘yicha bayonotga asoslanib.

Rossiya yetakchisi tomonlar transport sohasida hamkorlikni muvaffaqiyatli rivojlantirayotganini qayd etgan.

“Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida transport-logistika sohasidagi hamkorlik kengaymoqda, temir yo‘l orqali yuk va yo‘lovchi tashish hajmi barqaror, ayrim yo‘nalishlarda bir necha barobar ortib bormoqda”, — dedi Putin.

Shuningdek, u hozir O‘zbekistonda temir yo‘l transporti va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha kompleks hamkorlik dasturi ishlab chiqilayotganini ta’kidladi.

“Gap, jumladan, Rossiya temir yo‘l texnikasini yetkazib berish va ishlab chiqarishni O‘zbekiston hududida mahalliylashtirish haqida bormoqda, bu o‘zbek do‘stlarimiz uchun juda muhim”, — deya qayd etgan Rossiya prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada “Rossiyadan, hatto Belorussiyadan Hind okeani sohillarigacha” Shimoliy-Janub kabi transport yo‘laklarini rivojlantirish uchun katta istiqbollar ochilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tor doiradagi uchrashuvi o‘tkazilgandi. Prezidentlar hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ekanini ta’kidlashdi.

Avvalroq tomonlar “Belarus-Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston” yo‘nalishini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlanishini bildirgandi.

Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Rossiya temir yo‘llari” o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolangandi. Hujjat mamlakatlar o‘rtasida ikki tomonlama va tranzit kommunikatsiyalarini rivojlantirish hamda istiqbolli xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.