Kremlda Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tor doiradagi uchrashuvi o‘tkazildi.

Tomonlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikning faol sur’atini qayd etishdi. Oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik doirasida bir qator tadbirlar, jumladan, hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning to‘rtinchi yig‘ilishi, tibbiyot, rektorlar va hududlar forumlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta’kidlandi.

Prezidentlar hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ekanini ta’kidlashdi.

Tashrif doirasida hududlar kesimida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yil bo‘yi o‘zaro tashriflar reja-jadvalini o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi"ni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Uchrashuvda Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.

hamkorlik, rossiya, shavkat mirziyoyev, vladimir putin

Tomonlar tadbirlarga boy va serqirra madaniy-gumanitar hamkorlikni yuqori baholab, Moskvada “Lazgi” milliy baleti premerasi, O‘zbekiston madaniyati kunlari, mamlakatda “Rossiya fasllari” loyihasi doirasidagi tadbirlar bo‘lib o‘tganini ta’kidlashdi.

Davlat rahbarlari 2024−2025 yillarga mo‘ljallangan Madaniy hamkorlik dasturini qabul qilishga kelishishdi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkalash borasidagi intilish qat’iy ekanini tasdiqlashdi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Mixail Mishustin bilan muzokara o‘tkazgandi. Unda Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun qo‘shma ishchi guruhi tuzilgani qayd etildi.

Bundan tashqari, uchinchi hududlararo hamkorlik forumi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va o‘tkazilgani, yakunda ikki mamlakat hududlari o‘rtasida $3,5 mlrdlik hujjatlar imzolangani ta’kidlandi.