Rasmiy tashrif bilan Moskvada bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyev 6-oktabr kuni Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin bilan muzokara o‘tkazdi.

Hukumatning Muvofiqlashtirish markazida o‘tgan uchrashuvda tomonlar iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi.

Davlat rahbari uchinchi hududlararo hamkorlik forumi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va o‘tkazilgani, yakunda ikki mamlakat hududlari o‘rtasida $3,5 mlrdlik hujjatlar imzolangani ta’kidlandi.

Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga e’tibor qaratildi. Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun qo‘shma ishchi guruhi tuzilgani qayd etildi.

Raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalarida hamda O‘zbekistonda elektron savdoni joriy qilish bo‘yicha loyihalarni birga amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat hududlarining amaliy sherikligini rivojlantirish va aniq loyihalarni joriy qilish uchun keng imkoniyatlar borligi qayd etildi. Shaharsozlik, uy-joy fondini renovatsiya qilish sohalarida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Tatariston raisi Rustam Minnixanov bilan muzokara olib borgandi. Metallarga ishlov berish, axborot-kommunikatsiya, uy-joy kommunal soahalarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, ta’lim, turizm kabilar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish ko‘rib chiqildi.