Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yilning sakkiz oyi bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlarini tahlil qildi.

Bu davrda sanoat, investitsiya va qurilish sohalarida hamda tashqi iqtisodiy faoliyatda ijobiy dinamika kuzatildi.

Xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 5,8%ga o‘sib, 400,6 trln so‘mni tashkil etdi. Qurilish ishlari hajmi 5,9% o‘sish bilan 93,3 trln so‘mga yetgan.

Yanvar-oktabr oyida tashqi savdo hajmi 23,2%ga o‘sib, $40 mlrdni tashkil etdi. Bunda, eksport 27,8%ga o‘sib, $16,4 mlrdni, import hajmi 20,2%ga o‘sib, $23,6 mlrdni tashkil etdi.

To‘qimachilik va kiyim sanoatida ishlab chiqarish 55,6 trln so‘m bilan 7,4%ga o‘sdi. Jumladan, yirik korxonalar bo‘yicha trikotaj gazlamalari ishlab chiqarish 13,8%ga (33,3 ming tonna), tikuvchilik-trikotaj mahsulotlari esa ikki barobar (267,8 mln tonna) o‘sdi. Umumiy miqdori $207 mlnlik 21ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi.

Sakkiz oyda yirik korxonalar sharoitida neft-gaz sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 0,5%ga o‘sib, 22,5 trln so‘mni tashkil etdi.

Gaz qazib olish hajmi 9,4%ga kamayib, 31,4 mlrd kub metrni tashkil etgan bo‘lsa, neft qazib olish 0,2% o‘sish bilan 520,3 ming tonnaga yetdi.

Investitsiya dasturi doirasida $954,1 mln o‘zlashtirilgan, shundan xorijiy investitsiyalar va kreditlar $765,9 mlnni tashkil etgan.

Bu davrda elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 51,7 mlrd kVt/soatni tashkil etib, 5,7%ga o‘sdi. Jumladan, 45,5 mlrd kVt/soat issiqlik elektr stansiyalari va markazlar hissasiga, 5,0 mlrd kVt/soat gidroelektr stansiyalarida va DXSh asosida qayta tiklanuvchi elektr energiya 1,2 mlrd kVt/soat to‘g‘ri keladi.

Sohada investitsiya dasturi doirasida $235,6 mlnga kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirilib, o‘sish sur’ati 113,4%ga yetdi.

Qora metallurgiya tarmog‘ining yirik korxonalarida qora metall va undan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 1,0 mln tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,2%ga o‘sdi.

Oziq-ovqat sanoati ishlab chiqarish hajmi 6,7%ga o‘sib, 41,9 trln so‘mni tashkil etgan. Yirik korxonalarda shakar ishlab chiqarish hajmi 5,7%ga, shokolad va shirinliklar — 9,2%ga, sharbatlar — 24,7%ga o‘sgan.

Joriy yilning yanvar-avgust oylarida 1,9 trln so‘mlik 389ta investitsiya loyihalari ishga tushurilgan.

Qurilish materiallari sanoatida ishlab chiqarish hajmi 13,0%ga o‘sib, 18,6 trln so‘mni tashkil etgan. Sohaning jami sanoatidagi ulushi 4,6%ga yetdi. 1 391ta yangi qurilish materiallarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar tashkil etildi.

Farmatsevtika sanoatida 2,3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan 27ta davlatga jami $87 mlnlik mahsulotlar va xizmatlar eksport qilindi. Umumiy qiymati $61,4 mlnlik investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi.

Qiymati 7,9 mln dollarlik 15 ta loyiha ishga tushirildi. Natijada, qo‘shimcha 57,8 mlrd so‘mlik mahsulotlarni ishlab chiqarish quvvatlari hamda yangi 175 nafar ish o‘rinlari yaratildi.

Avtomobil sanoatida ishlab chiqarish 10%ga o‘sib, 44,2 trln so‘mni tashkil qildi. Bunda, 247,3 ming dona yengil avtomobil, 1 746 dona yuk mashinalari va 522 dona avtobuslar ishlab chiqarilgan.

Jumladan, 52,5 mingta “Damas”, 65,4 mingta “Cobalt”, 18,5 mingta “Onix” va 24,5 mingta “Tracker” ishlab chiqarildi.

“O‘zavtosanoat” korxonalari tomonidan $414,4 mlnlik avtomobillar eksport qilinib, o‘tgan yilga nisbatan 20,3%ga o‘sdi. Shuningdek, 7ta loyiha doirasida $115 mln qiymatdagi jami $66,9 mln investitsiyalar o‘zlashtirildi.

Elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarish hajmi (elektrotexnika sanoati korxonalari bo‘yicha) 18,5%ga o‘sib, 13,3 trln so‘mni tashkil etgan. Xususan, yirik korxonalar bo‘yicha kabel mahsulotlari 30,2%ga, maishiy texnika 21,0%ga, kuchlanish qurilmalari 63,8%ga oshgan.

Mis xomashyosini tayyor mahsulot sifatida qayta ishlash hajmi 19,0%ga oshib, 42,2 ming tonnani tashkil etdi. Korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari 40,5%dan 61%gacha oshirildi. O‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 18,8%ga oshib, $76,3 mlnni tashkil etdi.

Transport sohasi xizmatlari hajmi 8,3%ga o‘sib, 66,3 trln so‘mga yetgan. Shundan, avtomobil transporti xizmatlari hajmi 31,7 trln so‘mga yetib, 5,3%ga o‘sgan. Joriy yilning yanvar-avgust oylarida $804,1 mln miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilgan.

Joriy yilning olti oyida mamlakatda faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalari tomonidan 293,6 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgandi.

Joriy yilning yanvar-iyul oylarida avtomobil sanoatida eng ko‘p ishlab chiqarilgan yengil avtomobil “Cobalt” bo‘ldi — 55 968 ta. Iyulda ishlab chiqarilgan avtomobillar soni esa 6 510 tani tashkil etgan.