Statistika agentligi joriy yilning yanvar-iyul oylarida ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

O‘tgan davrda avtomobil sanoatida eng ko‘p ishlab chiqarilgan yengil avtomobil “Cobalt” bo‘ldi — 55 968 ta. Iyulda ishlab chiqarilgan avtomobillar soni esa 6 510 tani tashkil etgan.

Joriy yilning birinchi yarmida “Cobalt” ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,1%ga oshib, 49 458tani tashkil etgandi.

Shuningdek, yetti oyda 44 179ta “Gentra”, 43 497ta “Damas”, 19 736ta “Tracker”, 13 525ta “Onix” hamda 2 133 dona “Nexia T-250” ishlab chiqarilgan.

Iyul oyida ishlab chiqarilgan “Gentra” avtomobili 7 095 tani, “Damas” — 8 553ta, “Tracker” — 4 665ta, “Onix” — 2 303ta hamda “Nexia T-250” — 77tani tashkil etdi.

Umuman, yetti oyda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar soni 179 030 taga yetgan. Natijada, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,1 barobar oshgan.

Shuningdek, iyul oyida ishlab chiqarilgan maxsus yengil avtomobillar soni 973tani tashkil etdi. Umumiy hisobda esa 12 748taga yetgan.

Joriy yilning 5-avgust kuni “UzAuto Motors” kompaniyasi sakkiz oylik tanaffusdan keyin, “Cobalt”, “Lacetti” va “Damas” avtomobillarining yangilangan komplektatsiyalari uchun shartnomalar tuzishni boshladi.

Oradan bir kun o‘tar o‘tmas esa mazkur avtomobillar uchun sotuv limiti tugagani ma’lum qilindi. Bunda, agar shartnomalarning bir qismi bo‘yicha to‘lov 7 kun ichida amalga oshirilmasa shartnomalar qayta kontraktatsiya uchun ochiq bo‘lishi ta’kidlangandi.

Undan keyin, ijtimoiy tarmoqlarda “UzAuto Motors” avtomobillari uchun e’lonlar saytida shartnomalar sotilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Kompaniya avtomobilni qayta rasmiylashtirish va’dasi bilan to‘lovi amalga oshirilmagan shartnomalarni sotib olishda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.

Keyinchalik, ma’lum qilinishicha, deyarli 51 mingga yaqin “Lacetti”, “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari uchun shartnomalarga to‘lov qilingan.