Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda “UzAuto Motors” avtomobillari uchun OLX’da shartnomalar sotilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Kompaniya avtomobilni qayta rasmiylashtirish va’dasi bilan to‘lovi amalga oshirilmagan shartnomalarni sotib olish takliflari bo‘yicha ogohlantirish bildirdi.

Ayrim shaxslar uchun oldindan to‘lovning kamaytirilganligi hamda shartnomani onlayn rasmiylashtirish tizimi avtomobilni shaxsiy foydalanish uchun emas, balki faqat tijorat maqsadlarida (qayta sotish) sotib olish uchun ishlatila boshlangani ta’kidlagan.

Agar bir shaxs nomiga yiliga bir xil model uchun 2 tadan ortiq avtomobil xarid qilinsa, har bir keyingi avtomobil “navbatning” oxiriga o‘tadi hamda yetkazib berish muddati 120 kunga oshadi.

Keyinchalik, bir kishi tomonidan bir nechta avtomobillarni sotib olish amaliyoti takrorlangan taqdirda, kompaniya iste’molchilar uchun avtomobillar mavjudligini ta’minlash maqsadida bu muddatni 270 kungacha uzaytirishni ko‘rib chiqmoqda.

Shartnoma “UzAvtoSavdo” tizimi tomonidan avtomatik tarzda tuziladi hamda undagi ma’lumotlarni xaridor yoki diler tomonidan o‘zgartirishning imkoni yo‘q.

Avtomobilni olgandan keyin esa tizim xaridor ishtirokida davlat raqamini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Yo‘l-harakati xavfsizligi davlat xizmatiga (YHXDX) elektron hisob-fakturani yuboradi.

“Sizdan ehtiyot bo‘lishingizni va shartnomalarni „sotib olish“ bo‘yicha shubhali takliflarga rozi bo‘lmasligingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

5-avgust kuni “UzAuto Motors” “Cobalt”, “Lacetti” va “Damas” avtomobillarining yangilangan komplektatsiyalari uchun shartnomalar tuzishni boshlagandi. Oradan bir kun o‘tib esa mazkur avtomobillar uchun sotuv limiti tugagani ma’lum qilindi.

2022-yilning dekabr oyida “UzAuto Motors” kompaniyasi “Cobalt” va “Lacetti” avtmobillarini xarid qilish uchun shartnomalar berishni to‘xtatgandi. Oradan ko‘p o‘tmay esa “Damas” va “Labo” uchun buyurtma olishni to‘xtatdi.